10:35 / 09.06.2015
1600

Xalqaro olimpiya qo‘mitasi “SportAkkord”ni moliyalashtirishni to‘xtatdi

Xalqaro olimpiya qo‘mitasi (XOQ) “SportAkkord” xalqaro konvensiyasiga bundan buyon homiylik qilmasligini e'lon qildi.
 
"SportAkkord”ning ko‘plab a'zolari kabi biz ham tashkilot muammolar girdobidan butunlay chiqib ketmagunicha uni tan ham olmaymiz, moliyaviy jihatdan ko‘mak ham bermaymiz, - deyiladi XOQning rasmiy saytida
 
Eslatib o‘tamiz, 2015 yil 20 aprel kuni Sochi shahrida o‘tkazilgan “SportAkkord”ning Bosh assambleyasining tantanali ochilish marosimida mazkur konvensiya rahbari Marius Vizer XOQ rahbari Tomas Baxni keskin tanqid qilgan edi. Jumladan, u “Strategiya-2020” hech bir xalqaro federatsiyalar bilan muhokama etilmaganligini hamda XOQ tomonidan tashkil etilishi rejalashtirilgan telekanalning 450 million dollarga baholangan biznes-rejasi umuman mavjud emasligini, shuningdek, Olimpiada o‘yinlarining ochilish va yopilish tantanalariga sarflanadigan millionlarni butun dunyoda sportning taraqqiyotiga yo‘naltirish maqsadga muvofiq ekanligini ta'kidlab o‘tgan edi.
 
Marius Vizerning so‘zlariga qaraganda Olimpiada o‘yinlari mezbonini aniqlashda korrupsiyaga yo‘l qo‘yiladi va bu ish yopiq holda hal etiladi.  
 
"SportAkkord"ning endilikdagi sobiq rahbarining ushbu chiqishidan so‘ng, shu yerning o‘zida Xalqaro yengil atletika, kamondan otish va o‘q otish federatsiyalari “SportAkkord” konvensiyasidan chiqqanliklarini e'lon qildi. 21 aprel sanasida esa yana 21ta xalqaro sport federatsiyalar ushbu tashkilotga e'zo emasliklarini rasman ma'lum qilishdi. 31 may kuni M.Vizer “SportAkkord” tashkiloti rahbarligidan o‘z arizasiga ko‘ra bo‘shadi. U, shuningdek, XOQning muvofiqlashtirish komissiyasi va 2020 yilgi yozgi olimpiya o‘yinlarining tashkiliy qo‘mitasi a'zoligidan ham ketishga qaror qildi. Endilikda Marius Vizer faqatgina Xalqaro dzyudo federatsiyasiga rahbarlik qilmoqda.
Top