12:39 / 10.06.2015
4145

"Angren-Pop" tunnelining 11 kilometrdan ortiq qismida burg‘ilash ishlari yakunlandi

“O‘zbekiston temir yo‘llari” DATK va Xitoyning “China Railway Tunnel Group” kompaniyasi tomonidan barpo etilayotgan “Angren-Pop” temir yo‘l liniyasi O‘zbekistonda yagona milliy temir yo‘l tarmog‘ini yaratish imkonini beradi.

Umumiy uzunligi 123,1 kilometrni tashkil etuvchi mazkur temir yo‘l liniyasi dunyo miqyosida tog‘li hududda amalga oshirilayotgan loyihalar ichida 8-o‘rinda, tunnel esa uzunligi bo‘yicha 13-o‘rinda turadi.

Loyihaga ko‘ra, ushbu ulkan qurilish obektida jami 42,9 mln. kub metr tuproq, 16,3 mln. kub metr burg‘ilash-portlatish ishlari bajarilishi ko‘zda tutilgan. Shuningdek, mazkur loyiha uzunligi 19,1 kilometr bo‘lgan tunnel, 285 ta cuv o‘tkazish va oltita yo‘l o‘tkazgich inshooti, 19 ta temir yo‘l ko‘prigi, oltita stansiya va ikkita vokzal qurilishini o‘z ichiga olgan.

Bugungi kungacha bu yerda 42,9 mln. kub metr tuproq, 16,2 mln. kub metr burg‘ilash-portlatish ishlari bajarilib, 280 ta suv o‘tkazish,  oltita yo‘l o‘tkazgich inshooti, 12 ta ko‘prik, “Orzu” vokzali, “Ko‘l”, “Temiryo‘lobod”,  “Qo‘shminor” stansiyalari qurib bitkazildi.

Natijada joriy yilning iyun oyiga kelib, g‘arbiy portal birinchi yonbosh shaxtasida burg‘ilash ishlari yakunlanib, asosiy tunnelning bir qismi muvaffaqiyatli ulandi. Uning  uzunligi 6 ming 448 metrni tashkil etadi.

Qayd etilishicha, asosiy tunnelda shu kungacha 11 ming 401 metr, qo‘shimcha tunnelda esa 12 ming 549 metr, 1, 2, 3-yonbosh shaxtalarda 6 ming 611 metr qazish ishlari bajarildi. Bundan tashqari, asosiy tunnelning 7 ming 262 metrlik qismida pardozlash ishlari amalga oshirildi.


Top