14:39 / 10.06.2015
9013

Uyingizga kirayotgan xazina, abituriyent uchun bepul testlar va eng zamonaviy obuna haqida

Kitob haqida ko‘p va xo‘p yozilgan. Bundan keyin ham yoziladi. Biroq kitob o‘qiydiganlar haqida-chi? Ularning soni kamayib borayotgani xususida-chi? Bugungi tamaddun, “elektron” asr, kitob o‘qishga vaqt “yetishmasligi” borasida nimalar deyish mumkin? Kutubxonalar o‘z yo‘liga, kitob do‘konlarida ne gaplar? Umuman, chekka-chekka hududlar, tuman, qishloqlarda istiqomat qiluvchilar mutolaa qilishmoqdami? Ularning kitobga bo‘lgan ehtiyoji va talablari qay darajada qondirilyapti? Kitob do‘konlari tanqis ekan, kitobni qayerdan olishsin? Kitobxonlar safi kamayganining sabablaridan biri kitob yetkazib berilmayotganida emasmi? Nahotki buning samarali yo‘li bo‘lmasa? “Buning yo‘li bor va juda oddiy”, — deydi TAK.UZ sayti rahbari Anvar Jalolov.

— Anvar aka, siz bilan suhbatlashishdan avval saytingiz bilan tanishdim. “Kitobni ko‘chada izlamang. Kitobning o‘zi uyingizga “boradi” degan jimjimador so‘zlar orqali kitobxonni bosma ko‘rinishdagi kitobdan ko‘ra elektron kitob bilan “avrash” nazarda tutilmaganmi?
— Kitob har qanday zamon va makonda kitobligicha qoladi. Elektron kitob qog‘oz ko‘rinishidagi kitob o‘rnini to‘liq bosa olmaydi. Bu asosli ravishda o‘z isbotini topgan. Saytimiz orqali yetkazib beriladigan kitoblar elektron ko‘rinishni nazarda tutmaydi.


— Aniqrog‘i, kitob elektron holda emas, bosmadan chiqqan qog‘oz holida kitobxonning qo‘liga yetib boradimi?
— Albatta, shunday! Ko‘z oldingizga keltiring kompyuteringizga tikilib o‘tirib, kitobga pul to‘ladingiz va bir, ikki kundan keyin pochta xodimi uyingizga kitobni keltirib turibdi. Bunday holatni bizning WWW.TAK.UZ internet-do‘konimizda kuzatishingiz mumkin. Internet-do‘kon deyishimizga sabab, saytimizga kirgan har bir xaridor o‘zi hohlagan kitobni izlashi, uning mazmuni bilan tanishadi, mazmun, narx-navo va boshqa holatlar bo‘yicha boshqa kitoblarga har tomonlama taqqoslab ko‘radi. Agar yoqib qolsagina sotib olishi va yetkazib berilishi uchun aniq manzilni belgilab qo‘yishi mumkin. Buning uchun barcha imkoniyatlar mavjud.
Aholida biror kitobga ehtiyoj tug‘ilsa, viloyat markaziga borib, kitob do‘konlariga murojaat qilishlariga to‘g‘ri keladi. Bizdagi axborotlarga ko‘ra, faqat Yakkabog‘ va Pop tumanlari markazlarida kitob savdosini taklif etadigan do‘konlar faoliyat olib boryapti. Qishloqlarimizda esa kitob do‘konlari mavjud emas. Vaholanki, kitobxonlar soni kamaymaydi, balki har doim o‘sib boraveradi. Chunki, inson o‘sish-rivojlanishda ekan, unda tizimli va sifatli bilimga ehtiyoj doim mavjud bo‘ladi. Bugungi kunda ko‘chalarimizda avtomobillar to‘lib, hashamatli binolar, yo‘llar qurilishi jadal olib borilishi va boshqa bir qator ko‘rsatkichlar hayotimizning taraqqiy etib borayotganini ko‘rsatmoqda. Demak, ayni shu rivojlanish tufayli odamlarda bilimga chanqoqlik oshaveradi, oqibatda kitob, ma'lumotlarga ehtiyoj ortadi. Kutubxonalar har bir maktab va kollejlarda tashkil etilgan, bu juda muhim holat. Shunga qaramay, yangi chop etilgan kitobni sotib olish, uyida farzandlari uchun kutubxona tashkil etish, bu — boshqa masala.
WWW.TAK.UZ internet-do‘konimiz tavsiya qiladigan kitoblar arzon. Chunki biz nashriyotdan chiqqan kitoblarni o‘rtadagi ortiqcha vositachilarsiz, ya'ni qo‘shimcha narx qo‘yuvchilarni chetda qoldirgan holda, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xaridorning qo‘liga yetkazib berish imkoniyatiga egamiz.
— Demak, kitob xarid qilishni istagan kishi sayt orqali buyurtma beradi. Tegishli to‘lovni amalga oshirgach, o‘sha kitob unga yetkazib beriladi. Ijobiy hol. Biroq o‘ylashimcha, buni faqat markaziy hududlarda amalga oshirish mumkin?
— Saytimizning og‘riqli nuqtalaridan biri ham internet tizimining barcha hududlarda birday tez va uzluksiz ishlashiga to‘liq erishilmaganligidir. Albatta, axborot-telekommunikatsiyaning rivojlanishi, jadalligi yaqin kelajakka nisbatan qaraladigan bo‘lsa, juda ham yuqori. Umumiy o‘rta ta'lim va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limi tizimlariga informatika fanining umumta'lim fani sifatida kiritilishi tufayli yoshlar internet texnologiyalari bilan yaqindan tanishdilar. Lekin bu ishlar qachonki internetdan foydalanish barchaga qulay bo‘lgandagina to‘la-to‘kis samara berishini anglashimiz darkor. Shu bilan birgalikda, mobil aloqa vositalari bugungi kunda keng tarqalib, uning hammabop bo‘lishi saytimiz xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishga yordam bermoqda. Bugungi kun holati shuni ko‘rsatmoqdaki, agar kitobxonga kitob zarur bo‘lsa, u barcha to‘siqlarni yengib o‘tadi. Internetning har bir tuman markaziga yetib borganligi va qo‘l telefonlari orqali internetga ulanish imkoniyatining mavjudligini qo‘shimcha imkoniyat deb hisoblash mumkin.
— Yaqinda men vaqtim tig‘izligiga qaramay, “Sharq ziyokori” do‘koniga bordim. U yerdan Bobur ensiklopediyasini xarid qildim. Keyin uni Surxondaryoning Boysuniga qatnaydigan taksi haydovchilaridan dadamga berib yubordim. Chunki dadamning tanishlari iltimos qilgan, bu kitob u yerdan topilmagandi. Mening kamida yarim kun vaqtim sarflandi, qolaversa, kira haqi, taksi haydovchisi uchun qilgan xarajatlarim... Vaholanki, saytingiz orqali buni amalga oshirish juda oson ekan.
— Bugungi kunda respublikamizdagi barcha nufuzli nashriyotlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yganmiz. O‘zbek, rus, qozoq, qoraqalpoq, tojik tillaridagi eng qiziqarli kitoblarni saytimizdan bemalol xarid qilsa bo‘ladi. Bundan tashqari saytimiz yetkazib beradigan eng noyob kitoblar borki, ularga san'at asari deb qarashingiz mumkin. Xarid to‘lovini amalga oshirib, yaqinlaringizning tug‘ilgan kuni, do‘stingiz va boshqalarga sovg‘a sifatida taqdim etishingiz o‘zingizning ixtiyoringizda. Axir necha-necha yillardan buyon tavallud kunlariga kitob tuhfa qilinmapyati-ku! Yoki, deylik, bo‘lg‘usi qaynota, qanonalar “kelin-sarpo” yoki “kuyov-sarpo” tarzida taqdim qilinayotgan ustoz adibimiz Tohir Malikning kitoblariga buyurtma berishlari mumkin. Bu bilan, birinchidan, vaqt sarfini kamaytiradilar, ikkinchidan, tanlov imkoniyatini oshiradilar.
— Shu o‘rinda kitobni yetkazib berish kafolati haqida so‘zlasangiz.
— Kitobni yetkazib berish hamkorimiz — maxsus kurer “O‘zbekiston pochtasi” OAJning zimmasida. Ya'ni, bu — kitobning yo‘qolmay, qisqa vaqtda, arzon narxda va, asosiysi, davlat kafolati asosida o‘z egasiga yetib boradi, deganidir. Yana bir kafolat haqida aytmoqchiman: biz toki buyurtmachiga yetazib berilgunga qadar kitobning qaysi yo‘nalish bo‘ylab “borayotgani”ni elektron-xarita orqali kuzatib turamiz.
— Kitoblar mavzusi, ruknlari cheklanmaganmi?
— Cheklanmagan. Saytimiz o‘ttizga yaqin ruknni o‘z ichiga olgan va bizga murojaat qilayotgan nashriyotlar taklifiga ko‘ra ularning soni yanada oshib bormoqda. Ruknlar orasida eng qiziqarlisi, jajji kitobxonlarimizga atalgan “Bolalar va o‘smirlar adabiyoti”dir. Unda 3 yoshlilar uchun mantiqni yoshlikdan shakkllantirib boruvchi kitoblardan tortib, 12 yoshlilarning psixologik muammolari hal etilishiga qaratilgan maxsus adabiyotlar ham mavjud. Shuningdek, ertaklar, topishmoq, tezaytish, she'riy kitoblar o‘rin olgan.
— Demak, sayt faoliyati kitobxon uchun ham, kitob chiqarayotgan nashriyotlar uchun ham foydali.
— Kitobxon WWW.TAK.UZ internet-do‘konida o‘ziga kerakli kitobni izlashi uchun kitobning ichidagi biror “kalit” so‘zni kiritsa kifoya, sayt tegishli kitoblar ro‘yxatini taqdim etadi, vaholanki an'anaviy kitob do‘konlari bunday imkoniyatni taqdim eta olmadi.
Nashriyotlar ham biz bilan hamkorlikdan manfaatdor. Sababi, birinchidan, ular o‘z kitoblarini bizning sayt orqali bepul reklama qiladilar; ikkinchidan, ularning mahsuloti, ya'ni kitoblari sotiladi; uchinchidan, bu kitoblar saytimiz orqali kitobxonga yetkazib ham beriladi. Eng muhimi, biz bilan hamkor nashriyotlar tayyor marketing xizmatini bepul qo‘lga kiritadilar. Biz ularga qanday kitoblarga ehtiyoj ortib yoki kamayib borayotgani, rejalashtirilayotgan kitoblariga xaridorlar bo‘lish-bo‘lmasligi, kitobxonlar uchun qanday mavzular dolzarb hisoblanishi kabi muhim ko‘rsatkichlarni prognoz qilishda ko‘mak bera olamiz.
— Sir bo‘lmasa, hozirgacha kitobxonlarga qancha kitob yetkazib berildi?
— WWW.TAK.UZ internet-do‘koni faoliyat boshlaganiga 6 oy bo‘lishiga qaramay, respublikamizning har bir tumaniga kitob yetkazib berishga erishildi. Masalan, olis Qoraqalpog‘iston tumani, Termiz va hokazo hududlapga buyurtmalar yetkzildi. Respubilkamizning 200 ga yaqin tumanida xaridorlarimiz mavjud. E'tiborli jihati, ular saytda ro‘yxatdan o‘tganliklari sababli yangi nashr etilgan kitoblar haqida muntazam ravishda sms-xabarlarini olib turadilar.
— Saytingizda test savollari orqali yoshlarning kasb tanlashiga oid murojaatlari ham ijobiy hal qilinadi, deb eshitdik.
— Saytimizga asosan kitobsevarlar tashrif buyurishini inobatga olib ularning farzandlari uchun “Kasbga yo‘naltirish” nomli elektron dastur o‘rnatilgan. Har bir ota-ona o‘z o‘g‘il-qizining kelajakda kim bo‘lishini bilishga intilishi tabiiy hol. Agar farzand o‘zining kelajagini aniq tasavvur qilsa, juda katta ma'naviy va moddiy xarajatlarini tejashga erishadi. Shu bilan birga, maqsadli yo‘naltirilgan hayot maroqli bo‘ladi. Farzandni shu kabi kafolatli yo‘lga solishning omili, bu — uning yoshlik, shakllanish (20 yoshgacha) davrida aniq kasbga bog‘lanishi bilan izohlanadi. Bir sohani bir marta muvaffaqiyatli egallagan kimsa boshqa kasblarni ham egallash malakasini o‘zida shakllantiradi, bu esa unda barcha vaziyatlarga moslashib borish imkoniyatini oshiradi.
Yuqorida qayd etilganlarning barchasiga turtki bo‘ladigan boshlang‘ich nuqta esa saytimizdagi “Kasbga yo‘naltirish” nomli elektron dasturi hisoblanadi.
— Har holda mazkur testlar mutaxassislar tekshiruvidan o‘tgan bo‘lsa kerak?
— “Kasbga yo‘naltirish” nomli elektron dasturi O‘zbekiston Intellektual mulk agentligida qayd etilib, patent olingan, Xalq ta'limi vazirligining maxsus xizmatida tekshiruvdan o‘tgan. Darvoqe, “Kasbga yo‘naltirish” nomli elektron dasturidan o‘tish ham, maqbul bo‘lgan kasblarning ro‘yxatini olish ham bepul.
— Darvoqe, WWW.TAK.UZ da oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga kirmoqchi bo‘lgan abituriyentlar uchun test savollari ham havola qilingan. Shu haqda batafsilroq tushuncha bersangiz.
— Kitobni o‘qiyvergan bilan agar hayotga qo‘llanmasa, u shunchaki quruq ma'lumot bo‘lib qoladi. Bilasiz, oliy ma'lumot olish inson hayotida katta yutuq. Saytimizning yosh kitobxonlar uchun eng katta manfaatli jihati ularni universitet, institutlarga o‘qishga kirishiga imkoniyat taqdim etayotganidir. Bu sohada ham ularga o‘zgacha yondashuvni taklif qildik.
Saytimizda “Abituriyent-2015” nomli test sinovi ishga tushirilgan. Unda har bir talabgor abituriyent belgilangan muddatda (120 daqiqa davomida) qaysi intitutga kirishiga qarab maxsus test sinovidan o‘tadi. Test sinovidan o‘tish bepul, bu jarayonni istagancha amalga oshirib, maxsus ko‘nikmalarni shakllantirishlari mumkin. Tahliliy material, ya'ni natijalarni olishdagi ma'lumotlar ham bepul. Maqsadimiz abituriyentlarning talabalik safini egallashlariga beminnat hissa qo‘shishdir.
— Sayt orqali kitoblar, gazeta va jurnallarga ham obuna bo‘lish mumkinligi rostmi? Amaliyotda shunday holatlar ro‘y berdimi?
— Obuna faoliyati ancha kuch va xarajatlarni talab qilishiga qaramasdan buni ham yo‘lga qo‘yishni oldimizga maqsad qilganmiz. Sababi, obuna nashr sohasini keskin rivojlantirishga xizmat qiladi. Bugungi kunda saytimiz orqali “Sinfdosh” va “Ta'lim texnologiyalari” jurnallari uchun obuna yo‘lga qo‘yilgan. Boshqa gazeta, jurnallar muharririyatlari ham bu xizmatdan foydalanishga qiziqish bildirmoqda, ular bilan tegishli hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi. Shaxsan men “Tafakkur”, “Jahon adabiyoti” kabi “zabardast” jurnallarimizni saytimiz obunasi orqali chekka-chekkadagi o‘quvchilarga yetkazib berishni bajonidil amalga oshirgan bo‘lardim. Kelajakda nafaqat gazeta va jurnallar, balki kitoblarga ham obuna xizmatining yo‘lga qo‘yilishi ko‘pchilik uchun qulaylik tug‘diradi, deb o‘ylayman.
— Shunday deysiz-u, kelgusida kitobga buyurtma beruvchilar soni ko‘payib ketsa, faoliyatingiz qiyin kechmaydimi?
— Buyurtma beruvchilar soni ko‘payib ketishi holatini kutib yotibmiz! O‘shanda yuz berishi mumkin bo‘lgan “qiyinchilik”lar biz uchun bayram bo‘ladi.
— Anvar aka, “Tabib tabib emas, boshiga tushgan tabib” deganlaridek, o‘zingiz kitob chiqarib, muammolarga duch kelganingiz uchun shu ishlarga qo‘l urdingizmi?
— Birinchi marta kitobim nashrdan chiqqanida, kitobxonlarga taklif etgan paytlarimni eslayman. Boshdan o‘tkazgan kechinmalarim esa “kitobning nashriyotdan to‘g‘ri kitobxonga borishi”, to‘lovning to‘ppa-to‘g‘ri nashriyotga tushishi haqida qayta-qayta o‘ylashga majbur etgandi. Qadim xitoy faylasuflari: “Ehtiyot bo‘ling, fikrlar moddiyatning boshlanishidir” deb ogohlantirganlari bejiz emas ekan. O‘zimizning “Qimirlagan qir oshar” naqlidan kelib chiqadigan bo‘lsak, kaminaning xayoli, orzusi uch yil deganda amaldagi saytga aylandi.
— Yana nimalar degan bo‘lardingiz?
— Insonni miya boshqaradi, miyani esa bilim shakllantiradi. Oddiy odam ko‘cha-ko‘yda eshitganlari, ya'ni boshqalardan ko‘rib, eshitib o‘rganganlari umr kechirish uchun yetarli deb o‘ylashadi. Umr “kechirish”, kechirib tashlab yuborish nuqtai-nazaridan ular haqdir, lekin inson sifatida yashash uchun “ko‘cha ilmi” yetarli emasligini hamma ham tushunib yetavermaydi. Kitobda tizimlashtirilgan ma'lumotlar, haqiqiy rivojlanishga olib keladigan bilimlar saqlangan. Kitob haqida ko‘p va xo‘p gapirilgan, yana gapirish mumkin, lekin kitobning muhimlik darajasi hali to‘liq anglab yetilmagan deb bilaman. Barpo etilayotgan inshootlar, binolar, zavod va fabrikalarniga barchasini jam qilganda ham kitob baribir o‘zining ustunligini saqlab qoladi.
Men xalqimizga kitob yetkazib berishni sifatli oziq-ovqat, kiyim-kechak va boshqa mahsulotlar bilan bir qatorga qo‘ygan bo‘lardim. Shu yo‘lda hamisha izlanish va harakatdaman. Eng asosiysi esa, men qilayotgan ishimdan mamnunman!

A.Namozov suhbatlashdi

Top