14:29 / 11.06.2015
2309

O‘zlarini maishiy xizmatlar xodimlari deb tanishtirib, keksalardan pul undirgan qalloblar qotillikka qo‘l urdi

1976 yili Toshkent viloyatining Pskent tumanida tug‘ilgan, muqaddam ikki marotaba sudlangan Adham Soataliyev 1993 yili tug‘ilgan qarindoshi Ibrohim Uchqunov bilan til biriktirgan holda keksalarning himoyasizligidan foydalanib, ulardan pul undirib yurgani aniqlandi.

Jumladan, 1940 yili tug‘ilgan fuqaro I.Ye.ning yolg‘iz yashayotganini aniqlab, uning eshigini “ijtimoiy ta'minot bo‘limidanmiz” deb taqillatishgan. Uning ko‘zi ojizligidan foydalanib, bepul oziq-ovqat berilishi lozim bo‘lgan ro‘yxatga yozdirib qo‘yish uchun 20 ming so‘m olishgan. Shu yo‘l bilan ular boshqa keksalardan ham 17 mingdan 70 ming so‘mgacha bo‘lgan mablag‘ni olib yurishgan.
Keyinchalik ular o‘zlarini gaz ta'minoti vakillari va elektr tarmog‘i nazoratchilari deya tanishtira boshlaganlar. Shu tariqa, ular yolg‘iz yashaydigan keksa insonlardan pul undirish bilan tirikchilik qilishga odatlangan.

Bir kuni Adhamning rafiqasi kasal bo‘lib qolgan va Toshkent shahridagi shifoxonalardan biriga yotqizilgan. Ko‘proq pulga ehtiyoj seza boshlagan Adham sherigi Ibrohim bilan “faoliyati”ni poytaxtda davom ettirishga qaror qilgan. Ular Mirzo Ulug‘bek tumanida yashovchi 1929 yili tug‘ilgan Galina Shevchenkoning uyiga bostirib kirib, keksa ayolga nisbatan kuch ishlatishgan. Uni choyshab bilan bo‘g‘ib, tepkilashgan. Bu xatti-harakatlar Shevchenkoning o‘limiga sabab bo‘lgan.
Ammo talonchilar ayolning uyidan bor-yo‘g‘i 30 ming so‘m topa olishgan.
Bu voqeadan so‘ng olib borilgan tezkor surishtiruv ishlari natijasida qotillikka qo‘l urgan har ikkala qallob qo‘lga olinib, jazoga tortildi.

Top