15:46 / 11.06.2015
3825

Toshkentda noqonuniy faoliyat yuritayotgan oshxona ovqatidan ichak tayoqchasi topildi

Toshkentning Yashnobod tumanida noqonuniy faoliyat yuritib kelgan oshxonala o‘tkazilgan tekshiruv u yerda tayyorlangan oziq-ovqat mahsulotlarining sanitariya-gigiyena qoidalariga mos kelmasligini ko‘rsatdi.
“Ogoh” nashrining yozishicha, Sanjar Abdullayev turmush o‘rtog‘i Farida Temirova bilan birgalikda tegishli tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tmasdan Yashnobodning gavjum nuqtalaridan birida oshxona tashkil qilishgan. X. Suhrobov oshpazlikka, D. Boqiyeva ofitsiantlikka qabul qilingan. 2013 yil mayidan 2014 yil 7 martga qadar bu yerda jami 78 mln so‘mlik savdo va xizmat ko‘rsatish faoliyati amalga oshirilib, shundan 60 mln so‘mdan ziyod daromad ko‘rilgan.

Yashnobod tuman DSENMning ma'lumotnomasida S. Abdullayev tomonidan tashkil qilingan oshxonadan olingan tayyor oziq-ovqat namunalari va oshxona anjomlaridan olingan surtmalar bakteriologik laboratoriya tahlilidan o‘tkazilganda, ularning tarkibida o‘tkir oshqozon-ichak kasalligini qo‘zg‘atuvchi ichak tayoqchasi borligi aniqlangani aytiladi.
2014 yil 7 mart kuni o‘tkazilgan tekshiruvlar natijasida oshxonaning hech qanday hujjatlari yo‘qligi, oshxona binosi “Sherdor” MChJga tegishli ekanligi, mazkur binodan foydalangani uchun og‘zaki kelishuvga asosan ushbu jamiyat rahbari A. Erkinovga har oyda 350 ming so‘m ijara haqi berilib kelgani ma'lum bo‘ldi.

Noqonuniy oshxona faoliyatiga chek qo‘yilib, uning egalari va faoliyati ishtirokchilari javobgarlikka tortildi.

Top