17:17 / 12.06.2015
2717

“Tashabbus-2015” g‘oliblariga “Spark” avtomobillari topshirildi

2015 yil 11 iyun kuni soat 18.00 da muhtasham “Turkiston” san'at saroyida o‘zbek estradasi yulduzlari ishtirokida “Tashabbus-2015” g‘olib va sovrindorlarini tantanali taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Marosimda uchta asosiy hamda 14 nafar nominatsiyalar bo‘yicha ishtirokchilar taqdirlandilar. Uchta asosiy yo‘nalishdagi birinchi o‘rin sohiblari Prezidentimizning oliy sovrini “Spark” avtomashinasi bilan taqdirlandilar. Qolgan nominatsiyalar bo‘yicha g‘olib bo‘lgan ishtirokchilarga pul mukofoti, maxsus diplom hamda homiylarning maxsus sovg‘alar topshirildi.

Respublika bosqichi laureatlari, uchta asosiy yo‘nalishlar bo‘yicha - “Yilning eng yaxshi tadbirkori”, “Yilning eng yaxshi fermeri” va “Yilning eng yaxshi hunarmandi” va qo‘shimcha “Eng yaxshi yosh tadbirkor”, “Eng yaxshi tadbirkor ayol”, “Eng yaxshi innovatsion loyiha”, “Yoshlarga eng ko‘p ish joyi yaratgan tadbirkor”, “Mening yurtim – mening iftixorim”, “Keksa tadbirkor – Tashabbus e'zozida”, “Eng yaxshi oilaviy biznes sohibi”, “Oziq-ovqat sanoatidagi eng yaxshi yil tadbirkori”, “Yilning eng yaxshi mahsuloti”, “Eng yaxshi eksportchi”, “Eng mas'uliyatli ijtimoiy sherik” nominatsiyalari bo‘yicha bellashdilar.

“Yilning eng yaxshi tadbirkori” yo‘nalishi bo‘yicha Toshkent viloyatidagi “Takro Osiyo” mas'uliyati cheklangan jamiyati rahbari Kamoliddin G‘iyosov g‘olib bo‘ldi. U rahbarlik qilayotgan korxona mato to‘qish va trikotaj mahsulotlarini ishlab chiqarish hamda eksport qilish bilan shug‘ullanadi.

Namangan viloyatilik Ilyosjon Botirov “Yilning eng yaxshi fermeri” deb topildi. “Rais-Sang” ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaligida paxta va g‘alla, issiqxona mahsulotlari yetishtiriladi, chorvachilik bilan shug‘ullaniladi.

Xorazm viloyatilik Allazar Sa'dullayev “Yilning eng yaxshi hunarmandi”, deb e'lon qilindi. Xalq hunarmandi tarixiy yodgorliklar va ziyoratgohlarni ta'mirlash bo‘yicha ishlari bilan mashhur.

“Tashabbus – 2015” ko‘rik-tanlovi g‘oliblariga Prezidentimiz sovrini – “Spark” avtomobillari kaliti, ikkinchi va uchinchi o‘rin sohiblariga pul mukofotlari, maxsus nominatsiyalar sovrindorlariga qimmatbaho sovg‘alar topshirildi. 

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari U.Rozuqulov ishtirok etdi. 

Shuningdek, taqdirlash marosimida yurtimizning iste'dodli estrada xonandalari va so‘z ustalari o‘zlarining chiqishlari bilan tashrif buyurganlarni xushnud qildilar.

Top