17:42 / 12.06.2015
3936

AQShda O‘zbekiston fuqarosi IShIDni qo‘llab-quvvatlashda ayblandi

AQShda O‘zbekiston fuqarosi Akmal Zokirov IShID guruhiga yordam ko‘rsatishga harakat qilganlikda ayblanmoqda. Bu haqda Nyu-York Sharqiy federal okrugi prokurori vazifasini bajaruvchi Kelli Karri ma'lum qildi.
Karri xonimning so‘zlariga qaraganda, 29 yoshli Zokirov odamlar orasida IShID saflariga kirishni targ‘ib qilib borgan. Aniqlanishicha, u Nyu-Yorkda istiqomat qiluvchi to‘rt kishi bilan til biriktirib harakat qilgan. Ulardan uch nafari O‘zbekiston fuqarosi, bir nafari qozog‘istonlikdir.
Joriy yilning fevralida Qozog‘iston fuqarosi Ahror Saidahmedov Nyu-Yorkning Jon Kennedi nomli xalqaro aeroportida to‘xtatib qolingan edi. Keyinchalik u o‘zbekistonlik sheriklari bilan Turkiyaga uchmoqchi, u yerdan esa Suriyaga o‘tib, IShID safiga qo‘shilmoqchi bo‘lgani aytildi. Shu ayblovlar 24 yoshli o‘zbekistonlik Abdurasul Jo‘raboyevga ham qo‘yildi. Zokirov ushbu guruhning beshinchi a'zosi deb hisoblanmoqda.
Ayblovlar tasdiqlansa, Zokirov 30 yilga qamaladi.

Top