07:04 / 12.06.2015
4488

Hindiston o‘z kuchi bilan qurilgan ilk avianosetsini suvga tushirdi

Hindistonda mamlakatning o‘z kuchlari bilan qurilgan ilk avianosetsi suvga tushirildi, deb xabar bermoqda The Times of India nashri. “Vikrant” nomli ushbu avianosets Kochinadagi verf dokidan chiqarildi va zavod prichali devoriga suvda turgan holda qurish ishlarini yakunlash uchun tirab qo‘yildi.

Kema sinovdan o‘tkazish uchun dengizga 2016 yilning oxirida chiqarilishi, to‘liq qurilishi esa 2018 yilga yakunlanishi rejalashtirilgan. Kema shu yilning o‘zida flotga topshirilishi kerak, biroq ba'zi mutaxassislar kema bu muddatga topshirilishiga shubha bilan qarashmoqda va kema Hindiston Harbiy-dengiz kuchlari tarkibiga 2020 yilgacha kiritilmasligini ta'kidlashmoqda. “Vikrant” Hindistonga 1985 yilda Britaniya tomonidan sotilgan sobiq “Germes”, hozirda “Viraat” nomli, 1959 yilda qurilgan avianosets o‘rnini egallaydi.

Avianosets Rossiyaning “Nevskiy proyektno-konstruktorskiy byuro”si va Italiyaning Fincantieri kemasozlik uyushmasi loyihasi bo‘yicha qurilgan. “Vikrant”ning uzunligi 262 metr, eng katta kengligi 60 metr, suv sig‘imi 37,5 ming tonnani tashkil qiladi. Gaz-turbinali dvigatel kemaga 28 uzel (52 km) tezlik bilan harakatlanishga imkon beradi. Kema aerofinishyor yordamida burchakli palubaga samolyotlarning tramplin usulida ko‘tarilishi va qo‘nishini ko‘zda tutuvchi STOBAR (Short Take-Off But Arrested Recovery) sxemasidan foydalanadi. Kemaning aviatsion-texnik vositalari Rossiya tomonidan ishlab chiqarilgan.

Kemaning aviaguruhi soni 30-34 ta uchish qurilmasidan tashkil topib, uning tarkibiga Rossiyaning MiG-29K/KUB, Hindistonning Naval Tejas samolyotlari, radiolokatsion kuzatuv vertolyotlari Ka-31 va turli tipdagi qayiqqa qarshi vertolyotlar kiradi. Loyiha bo‘yicha avianosetsning qurollanishi Isroilda ishlab chiqarilgan Barak-8 zenit-raketa majmuasi va Rossiyaning AK-360 zenit avtomatlaridan tashkil topishi kerak.

Top