20:27 / 12.06.2015
2658

Interpol FIFA bilan hamkorlik qilishni to‘xtatdi

Xalqaro jinoiy qidiruv tashkiloti (Interpol) FIFA bilan hamkorlik qilishni to‘xtatdi. Bunga FIFA tizimida oxirgi vaqtlarda aniqlangan poraxo‘rlik bilan bog‘liq mojarolar sabab bo‘lgan. Bu haqda tashkilotning rasmiy saytida ma'lum qilindi.

"FIFA bilan kelishuvda ikkinchi tomonning faoliyati Interpolning maqsadlariga zid bo‘lmasligi kerakligi haqida band bor edi. FIFA tizimidagi amaldorlarning poraxo‘rlikda gumon qilinib, qo‘lga olinishi bu kelishuvga rioya qilinmaganini ko‘rsatadi", deyiladi tashkilot tomonidan.

Eslatib o‘tamiz, 27 may kuni AQSh bosh prokurori Loretta Linch FIFA korrupsiya mojarosidagi olti ayblanuvchi 24 yil ichida jami 150 million dollar pora olganini ma'lum qilgan edi. O‘sha kuni Tsyurixda FIFAning qator amaldorlari qo‘lga olingan bo‘lib, hozirda AQShga ekstraditsiyasini kutmoqda. Bu mojarolardan keyin Yozef Blatter beshinchi muddatda prezidentligini davom ettirmasligini ma'lum qilgan.

Tashkilot rahbarligi uchun muddatidan oldin saylovlar shu yilning 16 dekabrida o‘tkaziladi.


Top