12:11 / 12.06.2015
8617

Yangi temir konining ishga tushirilishi O‘zbekistonga o‘z xom ashyosi hisobiga po‘lat tayyorlash imkonini beradi

O‘zbekistondagi eng yirik titanomagnetik rudalar koni bo‘lmish Tebinbuloqda (Qoraqalpog‘istonning Qorao‘zak tumanida joylashgan) ish olib borish texnologiyalari ustida olib borilgan ishlanmalar yakuniga yetmoqda. Konning zaxiralari 3 mlrd tonnani tashkil qiladi.
Ta'kidlanishicha, kondagi rudalar tarkibida, temirdan tashqari, boshqa mineral komponentlar ham mavjud bo‘lib, ular mavjud texnologiyalarni qo‘llashni biroz cheklaydi.

Uzbekistan Today nashrining yozishicha, mavjud loyihaga ko‘ra Tebinbuloqdan yiliga 22 mln tonna ruda qazib olinadi; shuningdek, loyiha 65 foizli temir ruda konsentratini boyitish kombinatining hamda yiliga 1.5 mln cho‘yan ishlab chiqaruvchi metallurgik kompleks qurilishini ko‘zda tutadi. Yangi kon zaxiralarining qayta ishlanishiga O‘zbekistonga o‘z xom ashyosidan po‘lat quyish imkonini beradi.

“O‘zmetkombinat” aksiyadorlik jamiyati investitsiyalar bo‘limi boshlig‘i Narimon Umarovning so‘zlariga qaraganda, Finlandiyaning Outotec kompaniyasi konda ishlash texnologiyasini ishlab chiqmoqda.
Ilgari Toshkent viloyatida joylashgan So‘rinota, Jizzax viloyatidagi Chimqo‘rg‘on konlari eng yirik ruda manbalari hisoblanardi. Ammo Tebinbuloq zaxiralari ularnikidan ancha ko‘p.

Top