17:21 / 13.06.2015
2565

78 yoshli surxondaryolik pensioner velosipedda 2000 km yo‘l bosdi

Surxondaryoning Angor tumanidan bo‘lgan Egamurod Choriyev velosiped orqali Termizdan Toshkent orqali Chimkentga borib, xuddi shu shaharlar yo‘nalishida ortga qaytdi va jami 2000 km masofani bosib o‘tdi. Bu haqda "Xalq so‘zi" gazetasida yozilgan.

Ma'lum bo‘lishicha, u o‘zining safarini 9 may kuni boshlagan va o‘z yo‘lida ko‘plab tanishlarini ziyorat qilgan.

Egamurod bobo Toshkent shahrida 7 kunni o‘tkazgan va keyin Chimkentga yo‘l olgan. U Termizga o‘z safarini boshlaganidan 18 kun o‘tib, 27 may kuni qaytib kelgan.

U bilan "O‘zbekturizm"ning Surxondaryo viloyati bo‘limida uchrashuv o‘tkazilgan.

"Safarim davomida ko‘plab ochiqko‘ngil kishilarni uchratdim. Yo‘llarda ancha charchadim, lekin bundan afsuslanmayapman", deydi velosipedchi sayyoh.

Qayd qilinishicha, Egamurod Choriyev ancha yillardan beri qishloq xo‘jaligi sohasida faoliyat yuritgan va doim velosipedidan foydalangan. U muntazam ravishda sport gimnastikasi bilan shug‘ullanadi hamda shifokor nazoratidan o‘tib turishni kanda qilmaydi.

Top