21:49 / 13.06.2015
2734

Ikki nafar o‘zbekistonlik Tyumenda pensioner ayolni o‘g‘irlab ketib, uni ozod etish evaziga 700 ming rubl talab qildi

11 iyun kuni 18:00 da Rossiya Ichki ishlar vazirligining Tyumen viloyati bo‘yicha boshqarmasining navbatchi qismiga Ostonada yashaydigan qiz qo‘ng‘iroq qilib, noma'lum shaxslar uning Tyumenda yashaydigan onasini o‘g‘irlab ketishganini va ayolni ozod qilish uchun 700 ming rubl talab qilishayotganini ma'lum qilgan.

12 iyun kuni Rossiya Ichki ishlar vazirligining Tyumen viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari Tezkor javob berish maxsus otryadi jangchilarining qo‘llab-quvvatlashi ostida Tyumen shahri Permyakova ko‘chasida ijaraga olingan kvartirada ayolni o‘g‘irlab ketgan Rossiya hududida noqonuniy yashayotgan 1976 va 1983 yillarda tug‘ilgan ikki nafar O‘zbekiston fuqarosini qo‘lga oldilar. Ayol esa ozod etildi.

Rossiya Federatsiyasi Tergov qo‘mitasining Tyumen viloyati tergov boshqarmasida ayol uni o‘g‘irlab ketishda gumon qilinayotganlardan biri bilan 2015 yilning may oyida poyezdda tanishib qolgani ma'lum qilindi. Ayol jinoyatchiga biologik faol qo‘shimchalar sotishini va yaxshi daromad topishini aytgan. Aynan shundan keyin jinoyatchi ayolni o‘g‘irlab, uni ozod etish evaziga pul so‘rashga qaror qilgan. Erkak o‘zining tanishi bilan Tyumenda ijaraga kvartira olib, pensioner ayolga qo‘ng‘iroq qilgan va unga anchagina mijozlar topib qo‘ygani hamda mijozlar bilan ko‘rishish uchun kelishni taklif qilgan. Ayol ham soddalik qilib rozi bo‘lgan.

Va'da qilingan mijozlar o‘rniga jinoyatchilar ayolni zo‘rovonlik bilan ijaraga olingan kvartiraga olib borib, skotch va arqon bilan bog‘lab, kuch bilan ushlab turishgan.

Ushbu voqea yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘atildi. Tergovchilar voqea tafsilotlarini aniqlashga qaratilgan zaruriy harakatlarni amalga oshirmoqdalar. Tergov davom etmoqda.

Top