18:41 / 13.06.2015
4148

Qirg‘izistonlik chegarachilar O‘zbekiston fuqarosini noqonuniy ravishda ushlab, tovon puli undirmoqchi bo‘lishdi

Qirg‘izistonlik chegarachilari o‘zbekistonlik fuqaroni noqonuniy ravishda ushlab turishgan va uning ozod etilishi uchun pul talab qilishgan.

Xabar qilinishicha, 4 iyun kuni soat 19:30 da Qirg‘izistonning Botkent viloyati, Botkent tumanidagi Bujay qishlog‘idagi chegarachilar O‘zbekistonning Farg‘ona viloyatiga qarashli Sox tumanidagi Malbut qishlog‘ida yashovchi Muhammad Aliyevni chaqirtirishgan va u kelganida, daraxtga bog‘lab qo‘yishgan. Bunga asos sifatida Aliyevning Qirg‘iziston fuqarolari haqida o‘zbekistonlik chegarachilarga ma'lumot yetkazib berish bilan shug‘ullanishi borasidagi shubhalar keltirilgan.

Qirg‘izistonlik chegarachilar Aliyevning ozod qilinishi uchun 1000 dollar pul so‘rashgan. Aliyev esa o‘zida bunday miqdordagi pul yo‘qligini aytgach, ular 200 dollarga ham rozi bo‘lishlarini bildirishgan.

5 iyun kuni O‘zbekistonning Sox tumanidagi chegara punkti boshlig‘i qo‘shni davlat vakillari oldiga borib, ularni bu vaziyat mahbuslikdagi Aliyevning qishloqdoshlari noroziligiga sabab bo‘layotgani va bu jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkinligidan ogohlantirgach, Aliyev ozod qilingan.

Top