12:50 / 14.06.2015
5525

Buyuk Britaniya Snouden bergan ma'lumotlar tufayli o‘z josuslarining rotatsiyasini amalga oshirdi

Buyuk Britaniya AQSh maxsus xizmatlarining sobiq xodimi Edvard Snouden tomonidan Rossiyaga taqdim qilingan maxfiy fayllar Rossiya va Xitoy tomonidan oshkor etilgan bo‘lishi mumkinligi sababli o‘z josuslarining rotatsiyasini (joyini almashtirishni) amalga oshirishga majbur bo‘ldi. Bu haqda The Sunday Times nashri xabar bermoqda.
Buyuk Britaniya hukumatidagi yuqori lavozimli manbaning tasdiqlashicha, Rossiya va Xitoy “hayotiy zarur ma'lumotlarga ega bo‘lish uchun” Buyuk Britaniya razvedka xizmatining “qanday ishlashi haqidagi ma'lumotlarni” olgan bo‘lishi mumkin.
Shu tufayli MI-6 razvedkasi o‘ziga adovati bor davlatlardagi operatsiyalarda ishtirok etayotgan bir qator xodimlarini ortga chaqirtirib olishga majbur bo‘ldi.
Nashr manbasi Buyuk Britaniya qaysi davlatlardan o‘z josuslarini chaqitirib olganini ma'lum qilmagan.
Qayd etilishicha, Rossiya tomonidan Edvard Snoudendan olingan 1 mln dan ko‘proq maxfiy hujjat AQSh tarixidagi eng yirik muvaffaqiyatsizliklardan biri bo‘lgan.
Buyuk Britaniya hukumati va maxfiy xizmatlardagi manbalarning tasdiqlashicha, Xitoy ham AQShlik va britaniyalik josuslarni oshkor etishi mumkin bo‘lgan ushbu maxfiy fayllardagi ma'lumotlardan voqif bo‘lgan bo‘lishi mumkin.

Top