14:16 / 15.06.2015
5629

Latviya Rossiya tomonidan man qilingan shprotlar uchun “o‘ch olish” yo‘lini topdi

Latviya hukumati Rossiyaga latish shprotlarining olib kirilishiga qiritilgan taqiqlovga javob chorasi qabul qilishni rejalashtirmoqda. BaltNews.lv portalining xabar berishicha, Latviyaga Rossiya arog‘ining kiritilishi taqiqlab qo‘yilishi ehtimoli mavjud. Hosil bo‘lgan bo‘shliqni esa mahalliy likyor-aroq kombinati Latvijas balzams bajonidil egallashi aytilmoqda.

Latviya seymi deputati Karlis Shadurskisning aytishicha, Latviya mas'ul xizmatlari Rossiya mahsulotlarini “zararli moddalar” borligiga yaxshilab tekshirishlari lozim. Uning so‘zlaricha, ularda zararli moddalar bo‘lishi mumkin. Jumladan, Rossiya tomonidan Latviyaga olib kiriladigan aroq mahsulotida “sog‘liq uchun benzopiren kabi zararli bo‘lgan” etanol spirti bor. Deputat Rossiya arog‘ining import qilinishini man qilishni talab qilmoqda.

Shadurskis Latviya shprotining Rossiyaga olib kirilishiga taqiqlov siyosiy sabablar tufayli amalga oshirilganiga ishonchi komilligini aytmoqda. Shprotlarga embargo shprot mahsulotida kanserogen benzopirenning me'yoridan ortiqligi sababli 4 iyundan boshlab amal qilishni boshladi. Oqibatda Latviya baliq konservalash zavodlari yuzlab xodimlarini ishdan bo‘shatishga majbur bo‘ldi, soha uyushmasi yiliga 100 mln yevrolab zarar ko‘rilishini aytmoqda.
Rossiya arog‘ining taqiqlanishidan Yuriy Shefler va uning Latvijas balzams likyor-aroq kombinati kattagina foyd qilishi mumkinligi aytilmoqda. Kombinat ishlab chiqaradigan mahsulot bilan taqiqlangan mahsulotning o‘rnini bemalol qoplash mumkin.
Biroq qizig‘i, ushbu korxona aroq mahsulotini Rossiyadan olib kiriladigan spirt va Latviyadagi suv bilan aralashtirib oladi. Ko‘rinishicha, ish baribir Rossiyasiz bitmaydiganga o‘xshaydi.

Top