22:10 / 16.06.2015
1632

Donald Tramp AQSh prezidenti lavozimiga saylovlarda ishtirok etishini rasman e'lon qildi

AQShlik milliarder, respublikachi Donald Tramp 16 iyun kuni o‘zining nomzodini AQSh prezidenti lavozimiga saylovlarga qo‘yishini e'lon qildi. Bu haqda CNN telekanali xabar bermoqda.

“Xonimlar va janoblar, men AQSh prezidenti kursisi uchun poygada ishtirok etishimni rasman e'lon qilaman. Biz mamlakatimizni yana buyuk qilishga bel bog‘layapmiz”, deb aytdi Tramp Nyu-Yorkdagi o‘ziga tegishli Tramp-tauer binosida yig‘ilganlarga murojaat qilib. Shu bilan tadbirkor o‘zining bo‘lg‘usi prezidentlik kampaniyasining “Amerikani yana buyuk qilish” degan shiorini ham bildirib o‘tdi.

Bundan avval Tramp o‘zining instagramdagi sahifasida Kichik Jorj Bush va uning ukasi, AQSh prezidenti lavozimiga o‘z nomzodini qo‘yganini e'lon qilgan Jyeb Bushning fotosuratini quyidagi so‘zlar bilan chop etdi: “Nahotki Oq uyda yana bitta Bush kerak bo‘lsa? Ular bizlarga yetarlik qiladi”.

Tramp 20 yildan beri prezidentlik saylovlarida qatnashish g‘oyasini o‘ylab yurgan.

Milliarderning saylov kampaniyasi xodimlari Trampning bu qarori tufayli keyinroq uning moliyaviy ahvoli haqidagi ma'lumotlarni chop etishlarini ma'lum qildi.

Top