06:50 / 16.06.2015
5662

Kremlda Poroshenkoning Yanukovichga “pora” berish haqidagi so‘zlariga tushuntirish berish talab qilindi

Ukraina prezidenti Pyotr Poroshenkoning Rossiya tomonidan Ukrainaga taqdim qilingan 3 mlrd dollar Yanukovichga berilgan “pora” deb aytgan gaplaridan keyin Kremlda Ukraina Rossiya oldidagi majburiyatlarni, shu jumladan moliyaviy majburiyatlarni bajarishdan bosh tortish-tortmasligi bo‘yicha tushuntirish berib o‘tishni talab qilishdi. Bu haqda RIA “Novosti” axborot agentligi xabar bermoqda.

Bu haqda Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov ma'lum qildi.

“Biz bunday gaplarni eshitganda, birinchi navbatda qandaydir tushuntirishlarni kutib qolamiz – hozirgi Ukraina hukumati Ukrainaning, xalqaro, jumladan Rossiya oldidagi moliyaviy va boshqa majburiyatlarini bajarishdan bosh tortish-tortmasligini bilishni istaymiz. Biroq hozircha biz bu savolimizga javob olmadik va to‘g‘risini aytganda, Poroshenkoning bu gaplari bu savolga javobmi yoki yo‘qmi, buni aytishga qiynalayapman”, deb aytdi Peskov.

Avvalroq Ukraina prezidenti Pyotr Poroshenko Rossiya tomonidan Ukrainaga taqdim qilingan 3 mlrd dollarlik kredit Ukrainaning sobiq prezidenti Viktor Yanukovichga berilgan pora deb hisoblashini aytgan edi. Ukraina rahbarining fikricha, Yanukovich bu pullarni Ukrainaning yevrointegratsiyadan voz kechishi evaziga olgan.

 

Top