10:30 / 17.06.2015
8016

“Oila davrasida” gazetasi: Bugun kim demokratiya deb o‘ylab, bilganini qilsa, qattiq adashadi

O‘zbekistonda yana san'atkorlarning kiyinish madaniyati masalasi qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.

O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari, Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Elmira Bositxonova Toshkentda tashkil qilingan, senatorlar va deputatlar, qo‘shiqchilar va san'at vakillari ishtirok etgan tadbirda yosh xonandalarni yana bir bor tanqid ostiga oldi.

“Ba'zan ekranlarimizdagi kliplar, qo‘shiqchiyu raqqosalarimiz yoki aktrisalarimizning bachkana qiliqlarini ko‘rib, mantiqsiz so‘zlarini ting¬lab, «ma'naviyatimizni, yoshlarimiz tarbiyasini soat sayin boy berib qo‘ymayapmizmi?», degan savol xayolingdan o‘tadi. Bu borada ayrim xonandalarimizning turli ajnabiy va milliylikka yot liboslarni kiyishlari, yoshlarning tarbiyasiga salbiy ta'sir ko‘rsatadigan sayoz qo‘shiq matnlari, qo‘pol, behayo va beandisha harakatlar aks ettirilgan kliplarning oila davrasida ko‘riladigan ekranlarga uzatilayotganini nima bilan izohlash mumkin?!”, – xitob qildi bosh vazir o‘rinbosari.

Milliy estarada san'atini rivojlantirish va muvofiqlashtirish kengashi raisi Iqbol Mirzo estrada mahsulotlarining ma'naviy darajasini qonunchilik yordamida tartibga solish vaqti kelganini ta'kidlab o‘tdi.

Tadbirda aytilishicha, faqat Toshkent shahrida 140 dan ziyod to‘yxona va restoranlar faoliyat yuritmoqda. O‘rnatilgan tartibga qaramay ayrim to‘ylar dabdaba va mol-dunyoni ko‘z-ko‘z qilish, hayosiz raqslar maydoniga aylanib qolmoqda.

“O‘zbekiston — Robinzon yashaydigan orol emas, agar kimki, bugun demokratiya, istaganimni qilaman, deb o‘ylasa, xalq, jamiyat fikri bilan hisoblashmasa, qattiq adashadi.”, – deb yozadi “Oila davrasida” gazetasi.

Top