12:41 / 17.06.2015
3035

Qozog‘iston janubida yuz bergan yo‘l-transport hodisasida halok bo‘lganlar soni 14 nafarga yetdi

Janubiy Qozog‘iston viloyatida mikroavtobus va yuk mashinasi to‘qnashuvi oqibatida halok bo‘lganlar soni 14 nafarga yetdi, deb xabar bermoqda viloyat prokuraturasi.

Avvalroq to‘qnashuvda 13 kishi halok bo‘lgani ma'lum qilingandi. Mercedes Sprinter rusumidagi mikroavtobus va Nowo yuk mashinasi ishtirokidagi YTH Olma-Ota-Chimkent-Toshkent-Termiz avtotrassasining 678 kilometrida 16 iyun kuni peshin paytida ro‘y berdi.

“YTH joyida 8 kishi halok bo‘ldi, ular orasida 7-8 yoshli bir bola ham bor. 13 kishi, jumladan mikroavtobus haydovchisi va uch nafar bola turli tan jarohatlari bilan shifoxonaga yetkazildi. Keyinroq shifoxonada yana 6 kishi olingan jarohatlardan halok bo‘ldi”, deb aytilmoqda xabarda.

Ushbu holat yuzasidan “Transport vositalarini boshqaruvchi shaxslar tomonidan yo‘l harakati yoki transport vositalaridan foydalanish qoidalarini buzish” moddasi bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atildi. Sudgacha tergov jarayoni boshlandi.

“Dastlabki ma'lumotlarga ko‘ra, YTH chap tomonga AYoQShga burilayotgan tirkamaga ega katta o‘lchamdagi yuk mashinasini quvib o‘tmoqchi bo‘lgan marshrutka haydovchisi aybi bilan sodir bo‘lgan”, deyilmoqda prokuraturada.

Top