11:58 / 18.06.2015
2799

Olimlar immun tizimi ishlashidagi o‘zi xos xususiyatlarni aniqlashdi

Avstraliyaning La Trobe University Melburn universitetining bir guruh olimlari AQShning Virjiniya universiteti olimlari bilan birgalikda sekinlashtirilgan suratga olish uchun mo‘ljallangan noyob texnologiya yordamida leykotsitlarning nobud bo‘lishi jarayonini suratga olishdi. Bu video evaziga immun tizimining ishlash xususiyatlarini aniqlashga muvaffaq bo‘lindi. Tadqiqot natijalari Nature Communications ilmiy jurnalida chop etildi.
Leykotsitlar qon tarkibidagi oq tanachalar bo‘lib, ularning asosiy vazifasi tashqi va ichki patogent agentlardan (inson organizmiga tushganda turli infeksiyalar keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan mikroorganizmlar) himoya qilishdan iborat. Leykotsitlar mayda qon tomirlari devorlaridan o‘tib, hujayralararo bo‘shliqqa kira olishadi va u yerda yot-begona zarralarni yutib, hazm qilib yuborishadi.
Videoda qonning oq tanachalari halok bo‘la turib, immun tizimiga organizmda infeksiya borligi haqida signal berishini ko‘rish mumkin. Olimlar birinchi marta leykotsitlar halok bo‘lishini videoga olishga muvaffaq bo‘lishdi. Bungacha olimlar o‘lik holdagi oq qon tanachalari bilan ishlashgan. Hozirgi paytgacha ular tartibsiz holda bo‘linib ketadi, deb hisoblangan. Noyob video ularning halok bo‘lishi nazorat qilinishini ko‘rsatdi.
“Oq qon tanachalari halok bo‘lishni boshlaganda ularda dastlab katta laxtalar paydo bo‘ldi, so‘ngra bu laxtalar hujayrani mayda “munchoqlar” shodasi ko‘rinishida parchalab yuboradi. Bu “munchoqlardan” alohida iplar hosil bo‘ladi. Yon-atrofdagi hujayralar bu mayda bo‘laklarni oson yutib yuborishlari mumkin”, deb aytmoqda tajribaga boshchilik qilgan biolog Jorjiya Atkin-Smit.
Atkin-Smitning aytishicha, bu video batafsil o‘rganilgandan keyin olimlarda quyidagi taxmin paydo bo‘ldi: bu “munchoqlar” shunday molekulalarga egaki, ular boshqa hujayraga tushgandan keyin boshqa qon tanachalariga “Ehtiyot bo‘ling, infeksiya yaqinlashmoqda” degan ogohlantiruvchi signal beradi.

Top