17:44 / 19.06.2015
3925

“Yilning eng yaxshi fermeri”ga Prezident sovg‘asi sifatida “Spark” avtomobili topshirildi

Namangan viloyati Pop tumanidagi “Rais Sang” ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaligi rahbari Ilyos Botirov “Tashabbus – 2015” respublika ko‘rik-tanlovida “Yilning eng yaxshi fermeri” yo‘nalishi bo‘yicha g‘olib deb topildi va Prezident sovg‘asi – “Spark” avtomobili bilan taqdirlandi.

O‘tgan yillar mobaynida yosh fermer xo‘jalik yerlarini kengaytirish, hosildorlikni oshirish, moddiy-texnik bazani mustahkamlash, yangi ish o‘rinlari ochish, ishchilar uchun qulay mehnat va dam olish sharoitlarini yaratish borasida izchil ishlar olib bordi. O‘ttiz gektar yer maydoni 140 gektarga yetib, ko‘p tarmoqli xo‘jalikka aylandi. Avval bitta “T-4” rusumli haydov traktoriga ega fermer lizing shartnomasi orqali ikkita yerga ishlov beradigan, bitta yem-xashak o‘radigan traktor va boshqa agrotexnika vositalarini sotib oldi. Ayniqsa, “Orion S-630” traktori xo‘jalik a'zolari mehnatini yengillashtirdi.

"Lizing fermer uchun juda keng imkoniyat ekan. Texnikang yetarli bo‘lsa, ishing unumli, demak, hosil ham shunga yarasha salmoqli bo‘larkan. Buni bizning qisqa vaqt ichida lizing to‘lovlaridan qutilib, beshta qishloq xo‘jaligi texnikasiga ega bo‘lganimiz misolida ko‘rish mumkin", – deydi Ilyos Botirov. 

2011 yilda xo‘jalik g‘alla maydonlarining har gektaridan 21 sentnerdan hosil olgan bo‘lsa, o‘tgan yili bu ko‘rsatkich 38 sentnerga yetdi, paxta hosildorligi ham 22 sentnerdan 32 sentnerga oshdi. Sirdaryo sohilidagi o‘rta sho‘rlangan va toshloq yerlarda hosildorlikni bunday keskin ko‘tarish oson ish emas. 

Xo‘jalik a'zolari joriy yilda 76,6 gektar maydonga chigitning yangi – “Porloq-2” navini ekib, gektaridan 45 sentnerdan hosil ko‘tarish, rejadagi 227 tonna o‘rniga 280 tonnalik xirmon uyish maqsadida astoydil mehnat qilmoqda. Ellik gektar maydondagi oltinday tovlanayotgan bug‘doyzor 130 tonnadan ziyod sara donni va'da qilib turibdi. 

Fermer xo‘jaligida 250 boshga yaqin qo‘y va echki parvarishlanmoqda. 2012 yilda “Agrobank”ning Pop tumani filialidan olingan 80 million so‘mlik kredit mablag‘i ko‘magi bilan xorijdan 10 bosh zotli qoramol keltirilib, chorva naslchiligi yo‘lga qo‘yildi. Bugungi kunda zotli qoramollar soni 32 boshga yetdi. Har bir sog‘in sigirdan kuniga 28 litrgacha sut sog‘ib olinmoqda. Fermer yana bir yo‘nalish – sutni qayta ishlash bo‘yicha yangi loyihani amalga oshirishni diliga tugdi. 2013 yilda o‘z jamg‘armasi yoniga bankning 20 million so‘mlik kreditini qo‘shib, kuniga 500 litr sutni qayta ishlash quvvatiga ega zamonaviy texnologiya keltirib, kefir, smetana, ryajyenka, tvorog, qaymoq kabi sut mahsulotlari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ydi. 2014 yilning o‘zida 60 tonnaga yaqin sut qayta ishlanib, el-yurt dasturxoniga yetkazib berilgani loyihaning istiqbolidan dalolat beradi. Endi fermer Sang qishlog‘i hududida qurilishi tugallanmagan ikki qavatli binoni tasarrufiga olib, sutni qayta ishlash sexini kengaytirishni maqsad qilgan. 

“Rais Sang” fermer xo‘jaligi qoshida o‘tgan yili tashkil qilingan mebel ishlab chiqarish korxonasida Italiya texnologiyasi asosida tayyorlangan shkaf, stol-stul, divan, eshik-rom, maktabgacha ta'lim muassasalariga mo‘ljallangan mebellar ham bozorni import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar bilan to‘ldirishga xizmat qilmoqda. Korxona ish boshlagan yilning o‘zidayoq 40 million so‘mlikka yaqin mahsulot ishlab chiqarilgani fikrimiz dalilidir. 

Xo‘jalikning tikuvchilik sexida kasb-hunar kollejini bitirgan sakkiz chevar qiz dastgohlarni g‘izillatib, bolalar va ayollar uchun kiyim-kechak tikmoqda. 

Fermer pillachilik, asalarichilik, issiqxona bo‘yicha ham faoliyat qo‘rsatadi. O‘tgan yili fermerlikda 2 tonna asal yetishtirilgan.

Bugungi kunda fermer xo‘jaligida 60 dan ziyod kishi doimiy ish bilan ta'minlangan, mavsumiy ishchilar hisobga olinsa, yuzga yaqin kishi o‘z mehnati bilan daromad topib, ro‘zg‘or tebratmoqda. 

"Mustaqillik tufayli yer haqiqiy egasini topdi. Men tom ma'noda shu ozod yurtning erkin dehqoni-mulkdoriman. “Yilning eng yaxshi fermeri” degan yuksak e'tirofga sazovor bo‘lganim, Prezidentimiz sovrinini qo‘lga kiritganim katta yutuq. Bu faoliyatimizni yanada rivojlantirib, yurtimiz taraqqiyoti va xalqimiz farovonligi yo‘lida bundan-da ko‘proq, sidqidildan mehnat qilishga undaydi", – deydi fermer. 

Top