09:53 / 19.06.2015
3767

Yevropa o‘yinlari vaqtida Gruziya va Belarus erkin kurashchilari o‘rtasida mushtlashuv kelib chiqdi

Bokuda bo‘lib o‘tayotgan Yevropa o‘yinlari vaqtida erkin kurash bo‘yicha 57 kg vazn toifasining yarimfinal bahsida belaruslik Vladislav Andreyev va gruziyalik Vladimir Xinchegashvili bellashuv paytida mushtlashib ketishdi.

Bellashuvda Xinchegashvili 1:2 hisobida yutqazayotgan paytda o‘z raqibi yuziga tarsaki tushirib qoldi. O‘z navbatida, belaruslik kurashchi ham unga shunday javob berdi va kurashchilar orasida mushtlashuv boshlanib ketdi. Qiziqqon sportchilarni uchrashuv hakami tezlikda ajratishga muvaffaq bo‘lgan.

Ko‘ngilsiz voqea oqibatida uchrashuv to‘xtatildi va hakamlar qarori bilan ikki sportchi ham gilamdan chiqarib yuborildi va musobaqadan chetlashtirildi. Ularning ikkalasiga ham 0:4 hisobida texnik mag‘lubiyat yozildi.

Shu tariqa, yarimfinalda belaruslik va gruziyalik kurashchilar o‘rniga ularga chorak finalda imkoniyatni boy bergan sportchilar kurashadigan bo‘ldi.

Top