10:42 / 19.06.2015
15430

Samarqandda kuyov ishtirokisiz nikoh bazmi bo‘lib o‘tdi

17 iyun kuni Samarqand shahridagi katta restoranlardan birida kuyov ishtirokisiz to‘y bazmi o‘tkazilgan. Bu haqda bloger Toshpo‘lat Rahmatullayev o‘z blogida yozdi.

"Men kecha bir to‘yda mehmon bo‘ldim. Lekin bu bazmda kuyov ishtirok etmadi. Sahnadagi stolda kelin o‘z dugonasi bilan o‘tirdi. Marosim Samarqand shahrining eng qimmatbaho restoranlaridan birida bo‘lib o‘tdi va to‘yga 500 nafardan ortiq mehmon kelgandi.

Bilishimcha, kuyov bu vaqtda Janubiy Koreyada xizmat safari bilan ketgan. Bir necha kundan keyin uning oldiga yosh kelinchakni yuborishar ekan.

Oxirgi vaqtlarda Samarqandda kuyovsiz yoki kelin ham, kuyov ham ishtirok etmagan to‘ylar odatiy holga aylanib bormoqda va bunga hech kim hayratlanmay qo‘ygan.

Bir necha yil oldin ham qo‘shni mahallada kuyovsiz to‘y bo‘lib o‘tgandi. Kelin bir necha yil davomida kuyovini kutib yashadi. Bu vaqt davomida u kuyovning ota-onasiga oddiy cho‘ridek xizmat qilgan.

Oxir-oqibatda kelinning onasi bu nikohni buzib, qizini olib ketgan. Qolaversa, bu vaqtga kelib kuyov bo‘lmish Janubiy Koreyada boshqa xotin bilan yashayotgani ma'lum bo‘ldi. O‘zbekistondagi yosh kelinchak esa ikkinchi marta turmushga chiqdi. Bu safar virtual emas, haqiqiysiga. Ayni vaqtda u yangi oilasi va farzandlari bilan baxtli yashamoqda", deb yozadi bloger.

Top