21:25 / 22.06.2015
1824

Pokiston hukumati barcha nodavlat tashkilotlariga ro‘yxatdan o‘tish majburiyatini yukladi

Endilikda Pokiston hududida faoliyat yurituvchi barcha nodavlat tashkilotlari mamlakat Ichki ishlar vazirligidan majburiy tarzda ro‘yxatdan o‘tishi kerak bo‘ladi.

Pokiston Ichki ishlar va giyohvand moddalarni nazorat qilish vaziri Choudri Nisar Ali Xon matbuot-anjumanda ro‘yxatdan o‘tmagan barcha nodavlat tashkilotlar qonun bilan taqiqlab qo‘yilishini ma'lum qildi.

“Tekshiruv o‘tkazilgandan keyin mamlakatda bir necha ming nodavlat tashkiloti bor ekanligi, ulardan 40 foizi umuman hech qayerdan ro‘yxatdan o‘tmagani aniqlandi. Bu sohadagi yangi qonunchilikka muvofiq, har qanday nodavlat tashkiloti ish boshlashdan avval Ichki ishlar vazirligidan ro‘yxatdan o‘tishi kerak bo‘ladi. Aks holda uning faoliyati noqonuniy hisoblanib, bu tashkilotga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atiladi”, deb aytmoqda Ali Xon.

Pokiston hukumatining nodavlat tashkilotlariga nisbatan siyosati 2011 yilning may oyidan beri qayta ko‘rilib, kuchaytirilmoqda. O‘shanda Pokistonning Abbotobod shahrida AQSh Harbiy-dengiz kuchlarining maxsus vazifalarni bajaruvchi jangchilari o‘tkazgan maxsus operatsiya davomida “Al-Qoida” yetakchisi Usama bin Laden yo‘q qilingan edi. Bin Laden bartaraf etilgandan keyin Markaziy razvedka boshqarmasining maxfiy yordamchilaridan biri, mahalliy shifokor Shokir Afruziy shartnoma bo‘yicha “Bolalarni qutqaramiz” xalqaro xayriya nodavlat tashkilotiga ishlagani aniqlandi. Aynan shu holat Afruziyga bin Laden joylashgan uyga kirib, uning oila a'zolaridan DNK namunasini olishiga yordam bergan.

Top