14:23 / 23.06.2015
4160

TATU talabasi “Eng yaxshi biznes g‘oya” nominatsiyasi bo‘yicha g‘oliblikni qo‘lga kiritdi

Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligining tashabbusi bilan hamda “Uzbekistan Today” axborot agentligi hamkorligida 2014-2015 o‘quv yillari davomida “O‘zing haqingda hikoya qil va sen haqingda butun dunyo biladi” nomi ostida o‘tkazilgan tanlov o‘z yakuniga yetib, g‘oliblar aniqlandi.

Shu kabi tanlovlarni har yili talabalar orasida o‘tkazish an'anaga aylangan bo‘lib, unda turli nominatsiyalar e'lon qilinadi. Bu yil o‘tkazilgan tanlovda “Eng yaxshi biznes g‘oya”, “Eng yaxshi innovatsion g‘oya” nominatsiyalari e'lon qilindi va unda mingga yaqin yoshlar o‘z loyihalari bilan ishtirok etdilar. G‘oliblikni esa “Eng yaxshi biznes g‘oya” nominatsiyasi bo‘yicha Toshkent axborot texnologiyalari universiteti “AKT sohasida iktisod va menejment” fakultetining 3-kurs talabasi Shuxrat Agzamovning “www.som.uz - Milliy internet gipermarketi” loyihasi  qo‘lga kiritdi. Ushbu loyixada muallif internet manzilida virtual do‘kon ochish g‘oyasini taqdim etgan. Ushbu virtual do‘kon loyihasini amalga oshirilishi natijasida maxalliy maxsulotlarimizni butun dunyoga tanitish va taklif etish imkoniyati tug‘iladi. “Eng yaxshi innovatsion g‘oya” nominatsiyasi bo‘yicha esa Sharqshunoslik instituti talabasi Xurshid Botirov g‘olib deb topildi. Uning loyihasi ko‘cha changyutgichlari ishlanmalarini O‘zbekiston hududlarida qo‘llanilishini taklif etadi. Ushbu loyiha ko‘chalarni obodonlashtirish bo‘yicha mehnat qiluvchi hodimlarning ishini yengillashtirishga, davlatimiz byudjyetini tejashga, aholiga qo‘shimcha ishchi joylari yaratishga, va nihoyat mamlakatimiz ekologiyasini yaxshilashga qaratilgan.

“Uzbekistan Today” axborot agentligi hamkorligida Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi tomonidan 2015 yil 19 iyun kuni yuqorida ko‘rsatilgan tanlov yakuniga bag‘ishlab videokonferents-aloqa uyushtirildi. Unda barcha oliy ta'lim muassasalarining ilm-fan, texnikaga befarq bo‘lmagan hodimlari va talabalari qatnashdilar.

Ushbu videokonferensiyada tanlov g‘oliblari, talabalar: Sh.Agzamov va X.Botirovlar o‘z loyihalarini namoyish etib, videokonferensiya ishtirokchilari savollariga javob berdilar. Har ikki taqdimot qizg‘in savol-javoblarga boy bo‘ldi. Bu esa yoshlarimiz, yurtimiz yanada rivojlanishiga, zamon bilan xamnafas yashashiga befarq emasliklarini va bunda o‘z hissalarini qo‘shishga intilayotganliklaridan dalolat beradi.

Top