11:20 / 25.06.2015
10848

G‘uzor tumani hokimi to‘y va marosimlar uchun osh berish vaqtini cheklash haqida qaror qabul qildi

Qashqadaryo viloyati G‘uzor tumani hokimi Sh.Donayevning “Tuman hududida to‘y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma'raka va marosimlar, marhumlar xotiralariga bag‘ishlangan tadbirlarni o‘tkazilishini tartibga solish to‘g‘risida”gi qarori tasdiqlandi. Bu haqda xushnudbek.uz saytida xabar berilgan.

Tuman hokimining qarorida ta'kidlanishicha, tuman hududidagi to‘y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma'raka va marosimlar shuhratparastlik, dabdababozlik va isrofgarchilik bilan o‘tkazilishi keng jamoatchilikni tashvishga solayotganligi sababli bunday holatlarga chek qo‘yish, fuqarolar sog‘ligi va xavfsizligini ta'minlash asosiy maqsad hisoblanadi.

Shu maqsadda G‘uzor tumanida to‘y-hasham, marosim va oilaviy tadbirlarni o‘tkazishni muvofiqlashtiruvchi Jamoatchilik Kengashi tuzildi.

Shuningdek, tumandagi davlat boshqaruvi organlari, korxona, tashkilot va muassasalarda mehnat unumdorligini saqlash maqsadida restoran, oshxona,kafe va to‘yxonalarda ish kunlari to‘y va marosim munosabati bilan soat 07.00 dan 09.00 gacha yoki 12.00 dan 14.00 gacha osh berish mumkinligi belgilandi. Va o‘z navbatida ish vaqtida soat 09.00 dan 12.00 gacha, 14.00 dan 18.00 gacha osh berish hamda soat 23.00 dan keyin to‘y va bazmlarni davom ettirish taqiqlandi.

Bundan tashqari hokim qarorida tuman ichki ishlar bo‘limiga to‘y-hasham munosabati bilan kelin-kuyov va ularning yaqinlari tuman hududida aylanish va suratga olish tadbirlarini tantanali o‘tkazishga jalb qilinadigan avtomashinalar sonini 4 tadan oshmagan miqdorda bo‘lishini ta'minlash vazifasi topshirildi.

Tuman davlat soliq inspeksiyasiga restoran, oshxona, kafe va to‘yxonalarda to‘y-hasham va turli marosimlarni o‘tkazishda plastik kartochkalar, naqd pul o‘tkazish yo‘li va bank krediti orqali o‘tkaziladigan to‘lovlarni qabul qilishda hech qanday cheklovlarsiz, bir xil belgilangan narxlarda amalga oshirilishi nazoratga olish vazifasi yuklandi.

Tuman madaniyat va sport ishlari bo‘limiga to‘ylarda san'atkorlar ishtiroki va ularning kiyinish madaniyatiga rioya qilinishi, shuningdek xonanda va raqqosalarda to‘y, yubiley va boshqa tantanalarga xizmat ko‘rsatish litsenziyasi mavjudligini nazoratga olish vazifasi topshirildi.
Shuningdek, raqqosalik kasbiga nomunosib bo‘lgan qiz-juvonlarning to‘y-hasham va bazmlarga raqqosa nomi ostida chiqishini qat'iy cheklandi.

Tuman bosh imom-xatibi va tumandagi barcha QFY va MFY raislariga to‘y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma'raka va marosimlar, marhumlar xotiralariga bag‘ishlangan tadbirlarni ixcham o‘tkazishni, dabdabali o‘tkazilayotgan tadbirlarga sarflanayotgan mablag‘larni kam ta'minlangan oilalarni moddiy qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirishni targ‘ib qilish vazifasi yuklandi.

Top