17:09 / 25.06.2015
1557

Lyublinda o‘tkazilgan biznes-forumda polshalik hamkorlarga O‘zbekistondagi sarmoyaviy muhitning o‘ziga xos jihatlari tanishtirildi

Polshada O‘zbekiston-Polsha biznes forumi bo‘lib o‘tdi. O‘zbekistonning Varshavadagi elchixonasi tomonidan Lyublin viloyati ma'muriyati va O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi bilan o‘zaro hamkorlikda tashkil etilgan mazkur iqtisodiy anjumanda Polshaning ijtimoiy-siyosiy va ishbilarmon doiralari hamda O‘zbekiston tadbirkorlari delegatsiyasi a'zolari ishtirok etishdi

O‘zbekiston va Polsha biznes tizimlari o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni yanada kengaytirish maqsadida o‘tkazilgan ushbu tadbir chog‘ida uning polshalik ishtirokchilari mamlakatimizda hayotga tadbiq etilayotgan iqtisodiy islohotlar hamda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik qo‘llab-quvvatlanayotganiga doir ma'lumotlar bilan yaqindan tanishtirildi. 

Shuningdek, biznes anjumani doirasida O‘zbekistondagi sarmoyaviy muhitning o‘ziga xos jihatlari, O‘zbekiston savdo-iqtisodiy salohiyati hamda ikki mamlakat o‘rtasidagi tashqi iqtisodiy hamkorlikning hozirgi holati mavzularini qamrab olgan taqdimot marosimlari ham tashkil etildi.

Anjumanda Navoiy” erkin industrial-iqtisodiy hududi va “Angren” va “Jizzax” maxsus industrial zonalari faoliyati hamda ularda xorijlik sarmoyadorlar uchun yaratilgan imtiyoz va qulayliklar xususida ham atroflicha fikr yuritildi. 

Biznes-forumning polshalik qatnashchilari O‘zbekistonning iqtisodiy salohiyatiga yuqori baho berishar ekan, o‘zbek sheriklar bilan hamkorlikni kengaytirish va yangi aloqalarni yo‘lga qo‘yish yuzasidan manfaatdorlik bildirishdi. 

Jumladan, Lyublin viloyati boshqaruvining a'zosi Arkadius Bratkovski ushbu anjuman O‘zbekiston va Polsha tadbirkorlariga o‘zaro to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni yo‘lga qo‘yish uchun yaxshi imkoniyatni yaratib berganini qayd etdi. U mazkur tadbirda hozir bo‘lgan qatnashchilarning soni ham Polsha ishbilarmon doiralar vakillarida O‘zbekiston bozoriga bo‘lgan qiziqish naqadar katta ekanligidan dalolat berishini aytdi. 

“Bugungi biznes-forum davlatlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikka yangi turtki berdi. Ushbu fursatdan foydalanib, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlarni yanada kengaytirish va mustahkamlashga tayyorligi uchun O‘zbekiston rahbariyati va hukumatiga minnatdorlik bildirishni istar edim”, deydi u. 

O‘z navbatida, Lyublin viloyati ma'muriyatining Iqtisodiyot va innovatsiyalar departamenti muvofiqlashtiruvchisi Marta Smulkovska ham O‘zbekistonda salmoqli iqtisodiy salohiyat mavjud ekanligini ta'kidladi. 

“Biz O‘zbekiston delegatsiyasi uchun tayyorlagan mazmunli dastur har ikki tomon uchun o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va mustahkamlashga ko‘maklashishiga ishonchim komil. Biz ham hademay mamlakatimiz delegatsiyasini O‘zbekistonga yubormoqchimiz”, deydi Marta Smulkovska.

Top