18:57 / 26.06.2015
7520

O‘zbekiston jurnalistlari ijodiy uyushmasi “Yilning eng faol jurnalisti–2014”tanlovi g‘oliblarini e'lon qildi

O‘zbek Milliy akademik drama teatrida 27 iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.

Tadbirga senatorlar, deputatlar, davlat va jamoat tashkilotlari mutasaddilari, ommaviy axborot vositalari, noshirlik sohalarida uzoq yillar samarali mehnat qilgan faxriy jurnalistlar, matbaachilar, oliy o‘quv yurtlarining jurnalistika fakultetlari professor-o‘qituvchilari, talabalar taklif etildi. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlariga tabrigini Prezidentning Davlat maslahatchisi X.Sultonov o‘qib eshittirdi.

Tadbirda so‘zga chiqqanlar O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida fuqarolarning fikrlash, so‘z va e'tiqod erkinligi, axborot izlash, olish va uni tarqatishga oid huquqlari, ommaviy axborot vositalarining erkin va qonunga muvofiq faoliyat yuritishi, axborot xavfsizligiga doir kafolatlarning asosiy tamoyillarini belgilovchi me'yorlar mustahkamlab qo‘yilgani ta'kidlandi.

Shuningdek, mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi milliy media sohani bosqichma-bosqich isloh etish, uni izchil ravnaq toptirish borasidagi istiqbollarni belgilab bergani, konsepsiya doirasida qabul qilingan qonunlar ommaviy axborot vositalari, nashriyotlar, poligrafiya korxonalari va matbuot tarqatuvchi tashkilotlarni yanada rivojlantirish uchun qulay sharoitlarni yaratish, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyati ustidan jamoat nazoratini o‘rnatishda ularning ta'sirchanligini tobora kuchaytirishda keng imkoniyatlar yaratayotgani e'tirof etildi.

Tadbirda O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi tomonidan o‘tkazilgan “Yilning eng faol jurnalisti – 2014” respublika ko‘rik-tanlovining g‘olib va sovrindorlari taqdirlandi. O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi tomonidan Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi, Milliy teleradiokompaniya, O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi hamkorligida ommaviy sport targ‘iboti bo‘yicha faollik ko‘rsatgan jurnalistlarga diplom va sovg‘alar topshirildi. 

“Yilning eng faol jurnalisti – 2014”tanlovi g‘oliblari

Abdurahmonova Uldona – “Til va adabiyot ta'limi” jurnali bo‘lim muharriri

Ta'lim jarayonida amalga oshirilayotgan tub islohotlar va ijtimoiy mavzudagi dolzarb materiallari, ilmiy-publitsistik maqolalari uchun

Abdulfaizov Mahmud – “Surxon tongi” gazetasi bo‘lim mudiri

Viloyatda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik va obodonchilik ishlari, aholi turmush tarzidagi tub o‘zgarishlar, milliy qadriyatlarimizni ulug‘lovchi mavzulardagi publitsistik maqolalari uchun

Ajimov Salamat – “Istiqlol va qonun” gazetasi mas'ul kotibi (Qoraqalpog‘iston Respublikasi)

Qoraqalpog‘iston aholisining bugungi hayoti, orzu-intilishlariga bag‘ishlangan, istiqlol bergan cheksiz imkoniyatlar turmush farovonligiga xizmat qilayotgani haqidagi turkum maqolalari uchun

Alibayev Sergey – “O‘zbekiston” telekanali “Axborot” informatsion dasturlar bosh muharririyati bosh muharriri o‘rinbosari

Mamlakatimizni modernizatsiyalash va yangilash jarayonlari hamda respublikada yuz berayotgan muhim ijtimoiy-siyosiy va sotsial-iqtisodiy voqealarni keng va tezkor yoritgani uchun

Ismoilov Otabek – “Xiva tongi” gazetasi muxbiri

Xalqimizning boy tarixiy-madaniy merosi, an'ana va qadriyatlarini tiklash hamda targ‘ib etishga qaratilgan turkum maqolalari uchun

Mustafoyev Asad – “Jizzax ovozi” gazetasi bo‘lim muharriri

Xalqimizga xos ezgu fazilatlar, ularning barkamol yoshlar tarbiyasidagi o‘rniga, yosh avlod erishayotgan yutuqlarga bag‘ishlangan maqolalari uchun

Fayziyeva Xolida –  “Hurriyat” gazetasi bo‘lim mudiri

“Sog‘lom bola yili” va “Keksalarni e'zozlash yili” Davlat dasturlari ijrosi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar haqidagi tahliliy materiallari uchun

Xolboboyev Erkin –  “O‘zbekiston ovozi” gazetasi muxbiri

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar samarasiga bag‘ishlangan tahliliy maqolalari uchun

O‘rinboyeva Sevara – O‘zbekiston Elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi loyiha rahbari

O‘zbekistonda milliy qonunchilik tizimini takomillashtirish borasida olib borilayotgan sa'y-harakatlar va parlament faoliyatini keng yoritishga bag‘ishlangan “Parlament soati” turkum ko‘rsatuvlari uchun

Shoyeva Sayyora – O‘zbekiston Milliy axborot agentligi Respublika axboroti tahririyati bo‘lim mudiri

Mamlakatimizda agrar sohadagi islohotlar samaralari, ekologiya muammolarini bartaraf etish borasida olib borilayotgan sa'y-harakatlar, yurtdoshlarimizning munosib hayot kechirishlari uchun amalga oshirilayotgan ulkan bunyodkorlik va obodonchilik ishlarini internet tarmog‘ida keng yoritgan tahliliy materiallari uchun

O‘zbek Milliy akademik drama teatri jamoasining “Oydin” spektakli namoyish etildi. 

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosarlari E.Bositxonova, A.Ikromov ishtirok etdi.

Top