22:26 / 26.06.2015
4028

O‘zbekiston prezidenti Malayziya, Jazoir va Hindistonning yangi elchilaridan ishonch yorliqlarini qabul qilib oldi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 26 iyun kuni Oqsaroyda Malayziya, Jazoir Xalq Demoraktik Respublikasi, Hindiston Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchilari etib tayinlangan Dato Norayni binti Abd Hamid, Nosir Busherit, Vinod Kumardan ishonch yorliqlarini qabul qilib oldi.

Davlatimiz rahbari mamlakatimizdagi diplomatik vakolatxonalarning yangi tayinlangan rahbarlarini samimiy qutlar ekan, O‘zbekiston Malayziya, Jazoir va Hindiston bilan o‘zaro munosabatlarni yanada rivojlantirishga alohida ahamiyat berayotganini ta'kidladi va ularning sharafli hamda mas'uliyatli faoliyatiga muvaffaqiyat tiladi.

Malayziya elchisi bilan suhbatda mamlakatlarimizning siyosiy, savdo-iqtisodiy sohalardagi aloqalari, BMT, Islom hamkorlik tashkiloti va boshqa xalqaro tuzilmalar doirasidagi o‘zaro hamkorlikning bugungi holati va uni rivojlantirishning istiqbollari muhokama etildi.

Uchrashuvda o‘zaro hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarish, O‘zbekiston – Malayziya institutlari faoliyatini va hamkorlik mexanizmlarini faollashtirish, qo‘shma iqtisodiy loyihalarni amalga oshirishdan har ikki mamlakat ham manfaatdor ekani ta'kidlandi.

Elchi Dato Norayni binti Abd Hamid Malayziya va O‘zbekiston hamkorligini o‘zaro manfaatli asosda yanada kengaytirish va mustahkamlashni o‘zining asosiy vazifasi, deb bilishini ta'kidladi.

O‘zbekiston prezidenti Jazoir elchisi bilan suhbati davomida ushbu mamlakat O‘zbekistonning Shimoliy Afrikadagi eng muhim tashqi siyosiy sheriklardan biri ekanligi ta'kidlab o‘tdi.

Suhbat chog‘ida mamlakatlarimiz o‘zaro manfaatli savdoni rivojlantirish, investitsiyaviy hamkorlikni chuqurlashtirish, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi aloqalarni yanada kengaytirish uchun katta salohiyatga ega ekani qayd etildi.

Jazoir elchisi ikki mamlakat xalqlarini tarixiy, madaniy va ma'naviy aloqalar bog‘lab turishini ta'kidladi va davlatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlarni mustahkamlashga munosib xizmat qilishni o‘zi uchun ulkan sharaf, deb bilishini qayd etdi.

Hindiston elchisi bilan uchrashuv chog‘ida O‘zbekistonda Hindistonni nafaqat qadimiy tamaddun beshiklaridan biri, balki jadal rivojlanib borayotgan va mintaqaviy hamda xalqaro munosabatlarda muhim o‘rin tutadigan mamlakat sifatida yaxshi bilishlari ta'kidlab o‘tildi.

Davlatlarimiz o‘rtasidagi aloqalar oliy darajadagi doimiy siyosiy muloqotlar asosida izchil rivojlanmoqda. O‘zbekiston Prezidentining 2011 yilning may oyida Hindistonga davlat tashrifi va ushbu tashrif chog‘ida bo‘lib o‘tgan samarali muzokaralar o‘zaro serqirra hamkorlikni yanada mustahkamlash imkonini berdi.

Hindiston elchisi mamlakatlarimiz va xalqlarimiz o‘rtasidagi munosabatlarni yanada rivojlantirish uchun butun kuch-g‘ayrati va tajribasini ishga solishini ta'kidladi.

Manba: UzA

Top