08:48 / 26.06.2015
7758

Rossiyalik qo‘shiqchi Valeriya va uning turmush o‘rtog‘i Iosif Prigojinning uyi o‘qqa tutildi

Rossiyalik taniqli xonanda Valeriya va uning turmush o‘rtog‘i, musiqa prodyuseri Iosif Prigojinning Moskvadagi kvartirasi noma'lum shaxslar tomonidan o‘qqa tutildi.

Pnevmatik qurollar bilan qurollangan bosqinchilar ataylab juftlikning yotoqxonasini nishonga olishgan. Sodir etilgan jinoyatni Prigojinning advokati Sergey Jorin tasdiqladi.

Bosqinchilik uyushtirilgan paytda kvartirada Valeriyaning 22 yoshli qizi Anna, 20 yoshli Artyomiy va 18 yoshli Arseniy ismli o‘g‘illari hamda uy xizmatchisi bo‘lgan. Juftlikning o‘zi hozirda Uzoq Sharqqa gastrol bilan safarga ketgan.

Voqea joyida huquq-tartibot muassasalari xodimlari ish olib bormoqda.

Iosif Prigojin Latviyada tashkil etilgan Kubana musiqa festivalida bir qator rossiyalik qo‘shiqchilarning ishtirok etgani borasida ko‘targan mojarosi bu ko‘ngilsiz voqeaga asosiy sabab sifatida keltirilmoqda. Valeriyaning turmush o‘rtog‘i Rigadagi festivalda ishtirok etgan rus xonandalari Lev Leshenko, Zemfira, “Bravo” va “Leningrad” guruhlarini “xasis” so‘zining ruschadagi qo‘pol ko‘rinishi bilan atagan. Prigojinning aytishicha, “ular festivaldagi ishtiroklari bilan o‘z vatanlari va kasblariga xiyonat qilishgan”.

Bunga javoban Leshenko Prigojinni “bir joyga” jo‘natib yuborgan hamda Prigojin faqatgina o‘zini o‘ylashini aytgan. “Shaxsiy adovat, gina, musiqa va siyosatni qorishtirib tashlamaslik kerak”, deb aytgan Rossiya xalq artisti Leshenko.

Keyinroq Rossiya shou-biznesining qolgan vakillarining e'tirozlariga uchragach, Prigojin o‘z so‘zlari uchun uzr so‘ragan.

Top