13:56 / 26.06.2015
6959

Tanqid navbati to‘y xarajatlariga yetdi

Nikoh to‘ylarida ortiqcha hashamatga yo‘l qo‘ymaslik uchun chora-tadbirlar ko‘rilayotgan bir paytda, ayrimlar yangidan-yangi urf-odat va udumlarni o‘ylab topmoqda, deb yozadi “Inson va qonun” gazetasi.

“Birgina nikoh to‘yi shuncha daxmazaga aylangani kamdek, uning yoniga bachki bo‘lib, “qizlar bazmi”, “kelin chaqiriq”, “kuyov chaqiriq”, “quda-anda chaqiriq”, “chorlar”, “asal oyi”, “yo‘qlov” kabilar ham qo‘shilgan. Bularning bari hayot mazmunini tog‘aralar ko‘tarishdan iborat, deb biladigan besh-oltita g‘irt bekorchi xotinlar tomonidan o‘ylab topilgan va ularning har biri bitta to‘yning xarajatiga yaqinlashib qoladi”, – deydi maqola muallifi Mirislom Badalov.

Uning fikricha, “yozilmagan qonun”larni tan olmaydiganlar uchun to‘y o‘tkazishning huquqiy asosini yaratish lozim:
“Modomiki, ayrimlar aholining yozilmagan qoidalarini tan olmayotgan ekan, demak, to‘y-marosimlar va ma'rakalarni o‘tkazishning huquqiy asosini yaratish lozimdir. Davlatimiz rahbarining 1998 yil 28 oktabrdagi Farmoni bu borada biz uchun dasturilamal bo‘lishi lozim. Ammo eng asosiy masala, baribir, yurtdoshlarimizning fikrini, tasavvur va tafakkurini o‘zgartirishda qolmoqda. Bu boradagi targ‘ibot-tashviqot ishlarini yanada kuchaytirish hammamizning burchimiz va vazifamizdir”.

Top