00:29 / 27.06.2015
2150

«Paxtakor» «Nasaf» ustidan 3:1 hisobida g‘alabaga erishdi

Oliy Liga 14-turning markaziy o‘yinida Toshkentning «Paxtakor» jamoasi Qarshining «Nasaf» klubi ustidan 3:1 hisobida ishonchli g‘alabaga erishdi. Qayd etish joiz, «Paxtakor»ni maydonga O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi etib tayinlangan Samvel Babayan boshlab tushdi.

Qiziqarli va murosasiz kurashlar ostida kechgan uchrashuvning birinchi bo‘limida omad «Paxtakor» tomonidan bo‘ldi va maydon egalari buni tabloda ham aks ettirishga muvaffaq bo‘lishdi.

Dastlab debyutdayoq – 7-daqiqada «Paxtakor» himoyachisi Adnan Oraxovats hisobni ochishga erishgan bo‘lsa, 23- va 43-daqiqalarda hujumchi Igor Sergeyev dublni rasmiylashtirib, Oliy Ligadagi gollari sonini 11taga yetkazdi.

Ikkinchi taymda Ro‘ziqul Berdiyev qo‘l ostidagi «Nasaf» vaziyatni o‘nglash uchun katta kuch bilan oldinga o‘tdi, biroq qashqadaryolik futbolchilar Aleksandr Lobanov darvozasini faqat bir marta, 57-daqiqada Ilhom Shomurodovning sa'y-harakatlari bilan ishg‘ol qila olishdi, xolos.

Shunday qilib, «Paxtakor» ochkolari sonini 34ta yetkazib, peshqadamlikni «Lokomotiv»dan qaytarib oldi. Toshkent klubi birinchi davraning so‘nggi turida «Andijon» mehmoni bo‘lsa, «Nasaf» o‘z maydonida «Mash'al»ni qabul qiladi.

Oliy Liga, 14-tur uchrashuvi
26 iyun, juma
«Paxtakor» (Toshkent) – «Nasaf» (Qarshi) 3:1 (3:0)
Gollar: Adnan Oraxovats (7), Igor Sergeyev (23, 43) – Ilhom Shomurodov (57).

Manba: uff.uz

Top