17:21 / 28.06.2015
2277

Malaysia Airlines aviakompaniyasi MH17 reysi qurbonlari oilalariga tovon puli to‘lamoqda

Malayziyaning Malaysia Airlines milliy aviakompaniyasi Ukraina sharqida falokatga uchragan MH17 reysi bo‘yicha parvoz amalga oshirgan Boeing samolyoti qurbonlari oilalariga yaqin orada tovon puli to‘lashni o‘z nihoyasiga yetkazadi. Bu haqda Malayziya transport vaziri Liou Tiong Lay 28 iyun kuni ma'lum qildi.

“Menga ma'lum bo‘lishicha, bir necha oilalargina tovon puli olmagan va bunga pulni olishi kerak bo‘lgan qonuniy oluvchilarni aniqlash zarurligi sabab bo‘lmoqda”, deb aytdi Lay.

Lay BMT va IKAOni (ICAO — International Civil Aviation Organization – Fuqarolik aviatsiyasi xalqaro tashkiloti) falokatning sababini o‘rnatishga harakat qilayotgan tergovchilarni tezroq va samarali ishlashini va ular tomonidan tegishli hisobotlarni chop etilishini ta'minlashga chaqirdi.

Ma'lumot uchun, MH17 reysi bo‘yicha Amsterdamdan Kuala-Lumpurga uchib ketayotgan samolyot Ukrainaning Donetsk viloyatida 2014 yilning 17 iyulida falokatga uchragan. Samolyotda 298 nafar yo‘lovchi bo‘lgan. Ulardan ko‘pchiligini Niderlandiya fuqarolari tashkil qilgan. Kiyev ushbu falokatda ayirmachilarni ayblagan, biroq ular samolyotni bunday balandlikda urib tushiradigan vositalarga ega emasliklarini aytib, bu ayblovni inkor etishgan. Niderlandiyada 2014 yilning sentabrida samolyot “ko‘p sondagi yuqori energetik obektlarning tashqi ta'siridan olingan shikastlanishlar” oqibatida qulaganini tasdiqlovchi dastlabki hisobot chop etilgan edi. Biroq bu obektlarning manbasini aniqlashga muvaffaq bo‘linmagan.

Top