20:28 / 29.06.2015
4536

Hindistonda ikki o‘quvchi o‘limidan keyin maktab direktori do‘pposlandi

Hindistonning Bixar shtatida joylashgan Nirpur qishlog‘idagi maktabning 7 va 8 yoshdagi ikki nafar o‘quvchisi maktab yaqinidagi ariqda o‘lik holda topilgandan keyin g‘azab bilan to‘lib-toshgan mahalliy aholi maktab direktorini o‘lasi qilib do‘pposladi.

Direktor Patna tibbiyot kolleji qoshidagi shifoxonaga og‘ir ahvolda olib kelingandan keyin shu yerning o‘zida olingan jarohatlardan vafot etdi. Bu haqda Hindustantimes.com portali xabar bermoqda.

Bu voqeadan g‘azabga kelgan o‘lgan o‘quvchilarning oila a'zolari boshchiligidagi xaloyiq direktorga hujum qilishdan oldin maktab avtobusi va maktabdagi ikkita xonani yoqib yuborgan. Voqea joyiga yuborilgan politsiyachilardan 8 nafari xaloyiqni tinchlantirish paytida jarohat oldi.

Politsiya vakilining aytishicha, dastlabki ma'lumotlarga ko‘ra, halok bo‘lgan o‘quvchilar ariq bo‘yiga yana ikki nafar o‘quvchi bilan kelishganda oyoqlari sirpanib, ariqdagi suvga tushib ketib, cho‘kib ketishgan. Baxtga qarshi bundan bir kun avval yomg‘ir yog‘gani tufayli ariqdagi suv sathi ham ancha yuqori bo‘lgan.

Top