07:19 / 29.06.2015
7017

Merilin Monroning “la'natlangan” ko‘ylagi 350 ming dollarga sotildi

Beverli-Xillzda har yili an'anaviy tarzda ikki kun davomida o‘tkaziladigan “Gollivud afsonalari” auksioni o‘z nihoyasiga yetdi. Bu safar auksionga qo‘yilgan AQShlik kinoyulduzlarga teshishli bo‘lgan buyumlar orasida afsonaviy aktrisa Merilin Monro va malika Dianaga tegishli ko‘ylaklar ham bor edi.

Auktsion tashkilotchilari Monro o‘zining oxirgi “Nimadir sodir bo‘lishi kerak” degan so‘nggi filmida (oxirigacha olinmay qolib ketgan) suratga tushgan ko‘ylagini 300 mingdan 500 ming dollargacha sotishni mo‘ljallashgan edi. Natijada gulli bezakka ega shoyi ko‘ylak kolleksionerlardan biri tomonidan 353 ming dollarga sotib olindi.

Kinematografiya ekspertlari bu ko‘ylakni “la'natlangan” deb hisoblashadi. Bu ko‘ylakda bo‘lgan Monro qahramoni ssenariy bo‘yicha filmda o‘lgan deb hisoblanib, 5 yildan keyin turmush o‘rtog‘i ko‘z o‘ngida paydo bo‘lishi kerak bo‘lgan. Filmni suratga olish davomida film rejissyori Jorj Kyukor bilan Merilin Monro o‘rtasida ko‘plab bahslar yuza kelgan va rejissyor aktrisani bo‘shatib yuborishga qaror qilgan. Shundan keyin katta mojaro yuzaga kelgan, buning oqibatida rejissyorning o‘zi ishdan bo‘shatib yuborilgan. Monro bilan esa filmda suratga tushish bo‘yicha yangi shartnoma tuzilgan, biroq aktrisa suratga olish maydonchasiga boshqa qaytib bormagan, chunki shartnoma imzolangandan keyin ko‘p o‘tmay aktrisa uxlatuvchi dori vositasidan me'yoridan ortiqcha iste'mol qilib yuborgani oqibatida vafot etgan.

Shuningdek, auksionga qo‘yilgan malika Diananing ko‘ylagi 197 ming dollarga, “Rokki” filmidagi Silvestr Stallone qahramoniga tegishli bo‘lgan boks qo‘lqoplari 34 ming dollarga sotildi.

Top