09:32 / 29.06.2015
6791

O‘zbekiston va Tojikiston tomonlari temir yo‘l sohasida istiqbolli muzokaralar o‘tkazishdi

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJda “Roxi oxani Tochikiston” DUK rahbari Komil Mirzoaliyev boshchiligidagi delegatsiya qabul qilindi.

Unda jamiyat boshqaruvi raisi Achilbay Ramatov ishtirok etdi. O‘zaro suhbat jarayonida tomonlar temir yo‘l sahasida hamkorlik qilish masalasida atroflicha fikr almashishdi.

Jumladan, “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ va “Roxi oxani Tochikiston” DUK o‘rtasida xalqaro yo‘nalishlarda yuk tashish, tegishli hududlarda lokomotiv va lokomotiv brigadalarining ishini muvofiqlashtirish kabi masalalar ko‘rib chiqildi.

Uchrashuv davomida bugun O‘zbekiston temir yo‘llarida amalga oshirilayotgan islohotlar birma bir tilga olindi. Jumladan, istiqlol yillarida bunyod etilgan yirik qurilishlar, “Navoiy-Uch-Quduq-Sulton Uvaystog‘”, “Toshguzar-Boysun-Qumqo‘rg‘on” kabi temir yo‘llarning qurilgani alohida ta'kidlandi.

Mutaxassislar tomonidan joriy yilda 16ta investitsion  ustida ish olib borilayotgani, ayniqsa, tog‘li hududda bunyod etilayotgan yirik qurilish elektrlashtirilgan “Angren-Pop” temir yo‘li loyihasi mehmonlarni qiziqtirib qo‘ydi.

Loyihaning iqtisodiy, strategik ahamiyati, uning yagona milliy temir yo‘l tizimini barpo etishdagi o‘rni xususida ham mehmonlarga batafsil ma'lumotlar berildi.

O‘zaro samimiy suhbat so‘ngida kelgusidagi hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirishni nazarda tutuvchi muhim hujjatlar imzolandi.

Top