12:07 / 30.06.2015
6907

Soliq hisobotini elektron tarzda taqdim etish bo‘yicha qo‘shimcha imkoniyatlar ma'lum qilindi

O‘zbekiston Respublikasining 2014 yil 4 dekabrdagi «Soliq va byudjyet siyosatining 2015 yilga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlari qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi O‘RQ-379-sonli Qonuniga muvofiq Soliq kodeksining 45-moddasiga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalarga asosan, 2015 yilning hisobot davrida tadbirkorlik sub'yektlari tomonidan soliq hisobotlari 100 foiz elektron ko‘rinishda qabul qilinishi belgilandi. Bu haqda Coliq to‘lovchilarning pul oqimlari tahlili va soliq hisobotlarini kameral nazorat qilish boshqarmasi boshlig‘i Z.Aminov ma'lum qilgan.

"Bugungi kunda Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan soliq to‘lovchilarga har tomonlama qulaylik yaratish maqsadida qator interaktiv davlat xizmatlari joriy qilinib, faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Xususan, ayni paytda keng joriy etilgan xizmatlardan biri hisobotlarni elektron ko‘rinishda taqdim etish interaktiv davlat xizmati hisoblanadi.

O‘rni kelganda aytish joizki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2014 yil 7 apreldagi «O‘zbekiston Respublikasida investitsiya iqlimi va ishbilarmonlik muhitini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi PF-4609-sonli Farmoniga asosan 2014 yilning 2 choragidan boshlab elektron raqamli imzo muddati 1 yildan 2 yilga uzaytirilishi joriy yildan boshlab soliq hisobotlarini to‘liq elektron ko‘rinishda qabul qilish uchun zamin yaratdi.

Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan 2015 yildan boshlab korxona hisobvarag‘ida mablag‘i bo‘lmagan, tijorat banklari tomonidan hisobvaraqlari to‘xtatilgan yoki band solingan hollarda korxona rahbarlarining jismoniy shaxs sifatida olingan elektron raqamli imzosidan foydalangan holda soliq hisobotlarini elektron ko‘rinishda yuborish imkoniyati yaratildi. Shuningdek, jismoniy shaxslar (korxona rahbarlari) elektron raqamli imzosini «Click» to‘lov tizimi orqali pul o‘tkazish yo‘li bilan olishi va shu elektron raqamli imzodan foydalangan Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan ko‘rsatilayotgan interaktiv xizmatlardan foydalanishi mumkin.

Endilikda, elektron raqamli imzoga ega bo‘lgan soliq to‘lovchilar o‘zining shaxsiy kabineti orqali, shaxsiy kartochkasi, solishtirma dalolatnomasi, tekshirishlar reja jadvali va imtiyozlar to‘g‘risidagi ma'lumotlarga ega bo‘lish hamda Davlat soliq qo‘mitasining ma'lumotlar bazasidan foydalangan holda xizmatlardan foydalanish imkoni mavjud.

Ma'lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2015 yil 15 maydagi «Xususiy mulk, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni ishonchli himoya qilishni ta'minlash, ularni jadal rivojlantirish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmoniga asosan 2015 yilning iyun oyidan boshlab Davlat soliq qo‘mitasining yagona elektron raqamli imzoni ro‘yxatga olish markazi tomonidan beriladigan elektron raqamli imzodan davlat va boshqaruv organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari va tijorat banklari tomonidan ko‘rsatilayotgan barcha xizmatlardan erkin foydalanish imkoniyatini beruvchi tartib o‘rnatildi. Bu o‘z navbatida tadbirkorlik faoliyatiga noqonuniy aralashish va to‘siqlarni bartaraf etish, davlat organlari faoliyatiga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish samaradorligini oshirishga xizmat qiladi", deydi Z.Aminov.

Top