11:57 / 30.06.2015
7259

Toshkentlik erkak turmush o‘rtog‘ining sobiq jazmanini pichoqlab qo‘ydi

Toshkentda 45 yoshli Alimardon Samadov fuqaro Aleksey Sergeyevni pichoqlashda ayblanib, sudlandi. Bu haqda “Huquq” gazetasi axborot berdi.
Sergeyev 11 yilga qamalib ketganidan so‘ng uning ma'shuqasi Ilmira Sidorova o‘zi ofitsiant bo‘lib ishlaydigan restoran haydovchisi Alimardon Samadov bilan til topishib, fuqarolik nikohida yashay boshlagan edi. Qamoqdan chiqishi hamon ma'shuqasini qidira ketgan Sergeyev Sidorovaga qo‘ng‘iroq qilib, “o‘ziga qaytishga” ko‘ndira boshladi.

Bunday munosabatlardan shubhalana boshlagan Samadov bir kuni tayoq bilan norasmiy turmush o‘rtog‘ini kaltakladi. Sidorova Sergeyevga qo‘ng‘iroq qilib, buni aytdi. Shunda ikki erkak “hisob-kitob” qilishga kelishib olishdi.
Dehqon bozori oldida Sergeyev bilan Samadov uchrashib, hech qanday og‘zaki kelishuvlarsiz bir-biriga tashlanib ketdi. Samadov Sergeyevning qorniga pichoq bilan zarba berdi. Sergeyev og‘ir ahvolda shifoxonaga yotqizildi. Samadov esa voqea joyidan qochib ketdi. Ammo u huquq-tartibotchilar tomonidan tez orada topilib, sudga topshirildi.

Top