09:40 / 30.06.2015
3044

Yaponiya janubida oxirgi 50 yil ichidagi eng kuchli yog‘ingarchilik kuzatilmoqda

Yaponiyaning janubida joylashgan Kagosima prefekturasida oxirgi 50 yil ichidagi rekord darajadagi kuchli yog‘ingarchilik kuzatilmoqda. Hududda kuchli shamol bo‘lishi e'lon qilindi, Nakanosima oroli aholisi evakuatsiya qilinmoqda.

Ob-havo mutaxassislarining ma'lumotlariga ko‘ra, ba'zi hududlarda yog‘ingarchilik miqdori soatiga 92 mm.ni tashkil qilmoqda. Xususan, NHK telekanalining ta'kidlashicha, Tosima aholi punktida uch soat ichida 160 mm.ga yaqin yomg‘ir yog‘gan.

Ob-havo mutaxassislarining prognozlariga ko‘ra, jala yomg‘irlari chorshanba kuni ham davom etadi. Kyusyu va Nakanosima orollarida 1 iyun ertalabiga qadar yog‘ingarchilik miqdori 200 mm.gacha yetishi mumkin.

29 iyunda Yaponiyaning Tokunosima orolida rekord darajadagi kuchli jala yomg‘irlari qayd qilindi.

Meteorologlar daryo toshqinlari va yer ko‘chishi holatlari xavfi oshganidan ogohlantirmoqda. Shuningdek, momaqaldiroq va to‘fon bo‘lishi mumkinligi aytilmoqda.

Top