12:27 / 01.07.2015
3391

2015 yilda O‘rta yer dengizidan Yevropaga 137 ming muhojir keldi

2015 yilning dastlabki olti oyi ichida O‘rta yer dengizidan Yevropaga 137 ming muhojir keldi. Bu o‘tgan yilning shu davridagi ko‘rsatkichdan (75 ming kishi) 83 foizga ko‘proqdir. Bu ma'lumotlar BMT qochqinlar bo‘yicha oliy kommisari boshqarmasi tomonidan tayyorlangan hisobotda aks etgan.

Bashoratlarga ko‘ra, iyul-dekabr oylari orasida muhojirlar va qochqinlar oqimi yanada kuchayadi. Xususan, 2014 yilning ikkinchi yarmida ham muhojirlar soni birinchi yarmidagiga nisbatan ikki barobar ko‘p bo‘lgan edi.

Gretsiya va Italiyaga dengiz orqali kirib kelayotgan qochqinlarning 30 foizi suriyaliklardir. Ular orasida Afg‘oniston va Eritreya fuqarolari ham bor. Hisobotda ta'kidlanishicha, ularning bari Yevropada qochqin maqomiga ega bo‘la oladi.
Muhojirlar taxminan ikki yo‘nalish bo‘yicha Yevropaga kirib kelmoqda: Turkiya orqali Gretsiyaga kiruvchi yo‘l “sharqiy yo‘nalish”ni, to‘g‘ridan-to‘g‘ri Afrika orqali Italiyaga kiruvchi yo‘l esa “markaziy yo‘nalish”ni tashkil qiladi. Ayni kunlarda sharqiy yo‘nalish orqali kirib kelayotgan muhojirlar soni ko‘proqdir.

Top