21:23 / 01.07.2015
4778

Huawei Honor 7 metalli telefonini taqdim etdi

Xitoyning Huawei kompaniyasi Honor brendi ostidagi yangi apparatni taqdim qildi. Smartfonlar ishlab chiqarish bo‘yicha dunyoning to‘rtinchi eng yirik korporatsiyasi navbatdagi flagmanni taqdim qildi. Honor 7 deb atalgan bu apparatdan tashqari, kompaniya yana ikkita mobil aksessuar taqdimotini o‘tkazdi: Honor Band Zero “aqlli” soatlari va Honor Whistle Bluetooth-garniturasi.
Huawei Xitoyning boshqa yirik kompaniyasi – Xiaomi’dan o‘tib ketish borasida tinimsiz ishlamoqda. Honor brendi ostidagi mahsulot omadli chiqib, shu yili dunyo bo‘ylab 40 mln uskuna sotilishi rejalashtirilmoqda.
Yangi smartfonning texnik tavsifiga kelsak, avvalo uning korpusi to‘laligicha metalldan yasalgani diqqatga sazovor. U 5.2 dyuymli displey, 8 yadroli protsessor, 3 Gb li operativ xotira, 20 va 8 Mp li ikkita kamera hamda 3 100 mA/soatli batareya bilan ta'minlangan. Asosiy kamera Sony IMX230 tasvir datchigiga, f/2.0 aperturasiga, 6 linzali modulga va sapfirli himoya oynasiga ega.
Smartfon Android 5.0 Lollipop dasturiy tizimi asosida ishlaydi. Shuningdek, unga barmoq izlari datchigi ilova qilingan. Batareya 30 daqiqa ichida 50 foizga quvvatlantiriladi.
CNET nashrining yozishicha, Honor 7ning amaldagi narxi 1 999 yuan yoki 323 dollarni tashkil qiladi.


Band Zero smart-soatlari esa Android Wear dasturiy ta'minoti bazasida ishlashi hamda avgustda Xitoyda sotuvga chiqarilishi aytilmoqda.

Top