17:06 / 01.07.2015
2194

Jizzaxda "Byudjyet jarayonidagi vakolatlarini muvofiqlashtirish” mavzusida seminar-trening o‘tkazildi

Jizzax shahrida “Mahalliy vakillik va ijroiya organlarining byudjyet jarayonidagi vakolatlarini muvofiqlashtirish” mavzusida seminar-trening o‘tkazildi.

Mazkur tadbir BMT Taraqqiyot Dasturining "Mahalliy boshqaruv tizimini qo‘llab-quvvatlash”: 2-bosqich  loyihasi doirasida viloyat hokimligi, BMTTD loyihasi va Toshkent moliya intsituti bilan hamkorligida tashkil etildi.

Seminar-treningda xalq deputatlari viloyat, shahar va tuman Kengashlari deputatlari, hokimliklar va boshqarmalarning mas'ul xodimlari  qatnashdilar.

O‘zbekiston Respublikasi Byudjyet kodeksining mazmun va mohiyatini targ‘ib qilish, byudjyet tizimi va jarayoniga doir bilim va ko‘nikmalarni oshirishga qaratilgan ushbu anjumanda ishtirok etgan BMT TD loyiha rahbari o‘rinbosari Orzimurod G‘aybullayev mahalliy davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining byudjyet bo‘yicha vakolatlarini mustahkamlash masalalariga atroflicha to‘xtaldi. 

Ta'kidlash joiz, BMT TD loyihasi bilan hamkorlikda mahalliy byudjyetlardan samarali foydalanishda ijroiya va vakillik organlari roli” mavzusida metodik qo‘llanma ishlab chiqilgan. Shuningdek, moliya vazirligi bilan birgalikda mahalliy davlat hokimiyati organlarining moliyaviy vakolatlarini kuchaytirish maqsadida Byudjyet kodeksiga taklif va o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqilmoqda.

Bu ishlarni amalga oshirishda, BMT TD loyihasi bilan birga viloyatdagi davlat boshqaruvi organlari mutaxassislari ham ishtirok etishgan.

O‘tkazilgan seminar-trening davomida Toshkent moliya institutining o‘qituvchilari U. O‘roqov, O.Imomqulovlar tomonidan O‘zbekiston Respublikasining byudjyet tizimi va tuzilmasi, tizimda mahalliy byudjyetlarning o‘rni va ahamiyati, O‘zbekiston Respublikasi Byudjyet Kodeksining mohiyati va ahamiyati, byudjyetlararo munosabatlar, shuningdek, byudjyet mablag‘larining sarflanishi, iqtisodiy-ijtimoiy rivojlanish dasturlari bajarilishi yuzasidan Kengashlar va Parlament nazorati, byudjyet jarayonida mahalliy vakillik va ijroiya organlarining faoliyati bo‘yicha ma'lumot va zaruriy tavsiyalar berildi.

 

Top