22:20 / 01.07.2015
8818

Samarqand iqtisodiyot va servis institutida abituriyentlardan hujjatlarni qabul qilish qizg‘in davom etmoqda

O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimovning shu yil 23 iyundagi 2015-2016 o‘quv yilida O‘zbekiston Respublikasining oliy ta'lim muassasalariga qabul to‘g‘risidagi qarori asosida Samarqand iqtisodiyot va servis institutida ham abituriyentlardan hujjatlar qabul qilinmoqda.

Iqtisodiyot, turizm va servis sohalari uchun yuqori intellektual salohiyatli, yetuk kadrlar tayyorlashga ixtisoslashgan mazkur o‘quv dargohida yoshlar o‘ndan ortiq mutaxassislik bo‘yicha tahsil olmoqdalar. Har yili institutni yuzlab yosh mutaxassis bitirib, xalq xo‘jaligining turli sohalarida samarali mehnat qilmoqdalar.

Samarqand iqtisodiyot va servis instituti qabul komissiyasi mas'ul kotibi Ilhom Shodmonovning aytishicha, bu yilgi qabul rejasiga ko‘ra, 2015-2016 o‘quv yili uchun 11 bakalavr yo‘nalishida 475, 7 magistratura mutaxassisligi bo‘yicha 32 nafar yosh o‘qishga qabul qilinadi. Davlat granti asosida bakalavr ta'lim yo‘nalishlari uchun 70, magistratura mutaxassisliklari uchun 8 o‘rin ajratilgan.

Bu har bir talabalik o‘rni, ayniqsa, davlat granti asosida o‘qishga kirish uchun abituriyentlar o‘rtasida kuchli raqobat bo‘lishidan dalolat beradi. O‘tgan yili har bir o‘ringa o‘rtacha 7-8 abituriyent to‘g‘ri kelgan edi. Xususan, moliya, bank ishi, iqtisodiyot, turizm yo‘nalishlariga hujjat topshirganlar ko‘pchilikni tashkil qilgan. Bu yil ham ushbu yo‘nalishlarda abituriyentlar ko‘p bo‘lishi kutilmoqda. Ayni paytda barcha yo‘nalish va mutaxassisliklar bo‘yicha abituriyentlardan hujjatlar qabul qilinmoqda.

Qabul komissiyasining samarali ishlashi, abituriyentlardan hujjatlarni tez va sifatli qabul qilish, ularga zarur tavsiya va maslahatlar berish uchun barcha sharoit yaratilgan. Har bir ta'lim yo‘nalishi va mutaxassislik bo‘yicha ma'lumotlar oynasi, institut tarixi va bugungi kunidan hikoya qiluvchi ko‘rgazmali vositalar o‘rnatilgan. Kantselyariya tovarlari savdosi, suratga olish xizmati, tibbiyot xonasi faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.

Komissiya tarkibiga institutning tajribali professor-o‘qituvchilari va mutaxassislari jalb etilib, abituriyentlar va ularning ota-onalari murojaatlariga o‘z vaqtida javob qaytarilmoqda. Qabul qilingan hujjatlar soni haqidagi kunlik ma'lumotlar doimiy ravishda yangilab borilmoqda.

Abituriyentlarning test sinovlariga tayyorgarlik ko‘rishi hamda ushbu jarayon haqida bilim va ko‘nikmasini oshirish yuzasidan mashg‘ulotlar, konsultatsiyalar tashkil etilmoqda.

Top