09:32 / 02.07.2015
11078

Nazarboyev 90-yillarda kimlarni AQShga olib borib, magnat qilib ko‘rsatgani haqida aytib berdi

Qozog‘istonda namoyish etilgan “Nazarboyev bilan asosiy narsalar haqida” nomli hujjatli filmda davlat rahbari mamlakatni bankrotlikdan qutqarish uchun qilgan ishlari haqida aytib berdi. Informburo.kz portalining xabar berishicha, film bugun, 2 iyul kuni, mamlakatning asosiy telekanallari orqali namoyish qilingan.

“Bu fojiali yillar edi. Butun iqtisodiyotni davlat rejasi ushlab turardi. Hamma narsa, barcha korxonalar, zavodlar davlatga tegishli bo‘lib, davlat rejasiga muvofiq ishlar edi. Iqtisodiyot dotatsion darajada edi. SSSR tarqalib ketgach, dotatsiya beradigan odam ham qolmadi”, – dedi Nazarboyev, 90-yillarni eslarkan.

“95-yilga qadar ahvol shunaqa edi, – davom etdi so‘zida Qozog‘iston yetakchisi. 1996 yilga kelib iqtisodiyot qimirlay boshladi. Biz oxiri yaxshi bo‘lishini boshqalarga tushuntirishga, ularni ishontirishga harakat qilar edik. Dastlab biz og‘ir sanoatni oyoqqa turg‘azdik, keyin, pul ishlab topib, boshqa sohalarga kiritdik. Men bu yo‘lning to‘g‘ri ekanligiga ishonardim. Zudlik bilan xususiylashtirishni o‘tkazish, investorlarni taklif qilish kerak edi”.

Nazarboyevning aytishicha, bu yo‘lda ba'zan aldovga ham murojaat qilishga to‘g‘ri kelgan:
“Rostini aytaman, biz o‘yin qilar edik. Ulkan davlatligimizni, dunyoda hudud jihatdan to‘qqizinchi o‘rinda turishimizni ko‘pirtirib aytar edik. Samolyotni odamga to‘ldirib, AQShga borardim. Biznes-uchrashuv chog‘ida odamlarimni tanishtirardim. Mana, Nurlan Samag‘ulov, mashinasozlik magnati derdim, aslida esa u mashina sotardi. Bo‘lat Abilov, savdo giganti derdim, aslida u sport kiyimlarini sotardi. Yoki Subxanberdin, eng yirik moliyachi, va hokazo. Aslida esa bunday narsaning o‘zi yo‘q edi. Bu bolalarni ruhlantirishni xohlardim”.

Top