17:29 / 02.07.2015
11860

Nega aynan Toshkent shahridagi Inha universiteti?

Mazkur savolga zamon talablaridan kelib chiqqan holda javob berishga harakat qilib ko‘ramiz. Yurtboshimiz ta'kidlaganlaridek: “Yangi asr – axborot, yuksak texnologiyalar va zamonaviy bilimlar, oldimizda ochilayotgan yangi istiqbollar asridir”.  Bugungi kunda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari (AKT) mutaxassislariga talab juda yuqori. Shuning uchun, kasblar orasida eng yuqori oylik daromad oladiganlarini ichida ham AKT mutaxassisliklarini uchratasiz. Janubiy Koreya AKT bo‘yicha dunyodagi eng yetuk davlatlardan biri bo‘lishi bilan birga, u yerdagi Inha universiteti AKT va injiniring sohalari bo‘yicha eng ilg‘or universitetlardan biri hisoblanadi. Undan tashqari:

·         Asosiy e'tibor talabalarga. J.Koreyadagi universitetga o‘xshab bu yerda ham talabalarga katta e'tibor qaratiladi. Ular ta'lim olishlari va erkin fikr yuritishlari uchun barcha sharoit yaratilgan. Aksariyat holatlarda talabalar o‘zlari darsdan tashqari ham kechgacha universitetda mustaqil shug‘ullanib o‘tiradilar. 

·         Xalqaro darajadagi o‘quv dasturi. J.Koreyada qo‘llaniladigan xalqaro muhandislik  akkreditatsiya talablari asosida ishlab chiqilgan o‘quv dasturi asosida ta'lim beriladi. Unda asosiy e'tibor mutaxassislik fanlariga qaratilgan bo‘lib, tahsil olish jarayonida talaba qo‘shimcha fanlarni tanlashi mumkin.

·         Xalqaro darajadagi o‘quv darsliklari va kitoblar. Bir narsani alohida ta'kidlab o‘tish zarurki, J.Koreyadagi Inhada qanday o‘quv darsliklaridan foydalanilsa, Toshkentda ham huddi shunday. Lekin bu jarayonda katta bir farq borki, agarda chet elda mazkur o‘quv darsliklarini talaba o‘zi sotib olsa, bizda o‘quv adabiyotlari bepul tarqatiladi. 

·         Ta'lim butunlay ingliz tilida va xorijlik professorlar. Universitetda barcha asosiy mutaxassislik fanlaridan xorijlik professorlar saboq berishadi, shuning uchun ta'lim to‘liq ingliz tilida olib boriladi. Talabalar ingliz tilini yanada yaxshiroq o‘zlashtirishlari uchun AQShdan ingliz tili bo‘yicha mutaxassis jalb etilgan

·         Zamonaviy o‘quv auditoriyalari va laboratoriyalar. Universitet Koreyadagi ta'lim muassasalaridan qolishmaydigan o‘quv auditoriyalari va jihozlar bilan ta'minlangan. J.Koreyadan maxsus fizika laboratoriyasi olib kelingan va barcha tajribalar qog‘ozda emas, amaliyotda, ushbu laboratoriya uskunalarida o‘tkaziladi.

·         Zamonaviy ma'lumotlar markazi (Datasentr) va kompyuterlar. Toshkentdagi universitetlar orasida eng katta Datasentr ishga tushirilgan, talabalar uchun so‘nggi rusumdagi kompyuterlarda kun bo‘yi ishlash uchun sharoit yaratilgan. Barcha qavatlarda Wi-Fi o‘rnatilgan va yoshlar o‘zlarining shaxsiy login va parollari bilan ulardan bemalol foydalanishi mumkin.

·         Talabalarga mustaqil bilim olish uchun sharoitlar. Talabalar o‘zlarini xuddi o‘z uylaridek his qilishlariga sharoit yaratish maqsadida har bir talaba uchun shaxsiy javon ajratilgan. Mustaqil dars qilish uchun keng kutubxona, munozara va taqdimot xonalari mavjud bo‘lib, darsdan tashqari istalgan vaqtda ulardan bemalol foydalanish mumkin.

·         AKT sohasidagi kompaniyalar va mutaxassislar bilan uchrashuvlar o‘quv  jarayonini ishlab chiqarish bilan uyg‘unligini ta'minlaydi hamda talabalarni haqiqiy hayotdagi holatdan xabardor qilishga ko‘maklashadi.

·         J.Koreyada yozgi ta'til dasturi asosida xohlovchilar Janubiy Koreyadagi Inha Universitetiga borishlari mumkin. Eng faol va iqtidorli talabalarning barcha xarajatlari, qolganlarining xarajatlarini katta qismi Universitet tomonidan qoplanadi.

·         Sport bilan shug‘ullanishga erkin imkoniyat. Universitetdagi zamonaviy basketbol va futbol sport maydonchalarihamisha talabalar bilan gavjum. Yangi qurilayotgan binoda qo‘shimcha fitnes markazi rejalashtirilmoqda.

·         Diplom butun dunyoda tan olinadi. Universitet bitiruvchilariga O‘zbekiston Respublikasida, Koreya Respublikasida hamda boshqa rivojlangan davlatlarda oliy ma'lumot to‘g‘risidagi hujjat sifatida e'tirof etiladigan oliy ma'lumot to‘g‘risidagi diplom beriladi.

·         Toshkentda o‘qish J.Koreyadagi Inha universitetida o‘qishdan bir necha barobar arzon tushadi. Janubiy Koreyadagi Inha universitetida tahsil olishga bir akademik o‘quv yili uchun 7.634 AQSh dollari, borish-kelish aviachiptasi kamida 1.000 AQSh dollari, yotoqxonada yashash uchun 1.200 AQSh dollari, ta'lim jarayonida kitoblarni sotib olishga bir yilda kamida 300 AQSh dollari sarf etiladi. J.Koreyada bir yildagi yeb-ichish, kiyinish, transport va umuman olganda yashash xarajatlari kamida 3.600 AQSh dollarini tashkil etadi. Darsdan tashqari mashg‘ulotlarda qatnashish 902 AQSh dollari hamda sog‘liqni sug‘urtalash 70 AQSh dollarini tashkil etadi. Demak, jami xarajatlar umumlashtirilsa o‘zbekistonlik yoshlar Toshkent shahridagi Inha universitetida emas, balki Janubiy Koreyadagi Inha universitetida ta'lim oladigan bo‘lsa, bir yilda kamida 14.706 AQSh dollari to‘laydi. Xuddi shunday dastur bo‘yicha  Toshkent shahridagi Inha universitetida o‘qishga esa Markaziy bank bugungi kunlarga belgilagan kursi bo‘yicha hisoblanganda bir yilga 12,8 mln. so‘mga yaqin pul to‘lov o‘tkazish yo‘li bilan to‘lanadi. O‘zbekiston sharoitida bu katta summa sifatida ko‘rilsada, aslida Koreyadagi holat bilan solishtirganda bir necha barobar arzondir, chunki asosiy xarajatlar universitet muassislari tomonidan qoplanadi.

·         Universitet doimiy rivojlanishda. Universitetning istiqboldagi rejalari ham bisyor. Hozirda oliygohningzamonaviy yangi o‘quv binosini qurish ustida ishlar olib borilmoqda va unda 500 kishilik ko‘p tarmoqli konferens-zal, 200 kishilik auditoriya, qator yangi auditoriya va laboratoriyalar tashkil etish rejalashtirilmoqda. Bundan tashqari Fanlari Akademiyasi bilan hamkorlikda ishlaydigan zamonaviy kutubxona binosi ham ta'mirdan chiqarilmoqda. Shuningdek, ta'lim jarayoniga masofaviy ta'lim, “FLIP learning” kabi yangi o‘quv metodikalarini joriy etish hamda kelasi o‘quv yilidan logistika fakultetini ochish ham rejalashtirilgan.  

·         Talabalarga kontrakt pulini to‘lashdagi qulayliklar. Ota-onalar iltimosiga ko‘ra, bir yillik o‘quv yili uchun belgilangan summaning 25 foizini dastlabki badal sifatida to‘lash mumkin. Qolgan 75 foizi 7 oy davomida oyma-oy, teng miqdorda taqsimlangan holda amalga oshirilishi mumkin. Buni hisob-kitob qilib chiqsangiz, har oyda bugungi kundagi Markaziy bank belgilagan kursi bo‘yicha 1,4 mln. so‘m atrofida to‘g‘ri keladi.  Agarda talabaning ota-onasi ish joyidan o‘z farzandi uchun o‘qish pulini o‘tkazib bersa  – mazkur summa jismoniy shaxslar uchun daromad solig‘iga tortilmaydi. Ota-onalar farzandlari universitetni bitirganidan keyin, ma'lum muddat ishlab berish sharti bilan homiy tashkilotni qiziqtirib, uch tomonlama shartnomani imzolashlari mumkin. Bundan tashqari, talabaning o‘zi ham yaxshi ta'lim olish va kelajakda kuchli mutaxassis bo‘lib yetishish mas'uliyatini his qilishi uchun O‘zbekistondagi tijorat banklaridan “Ta'lim krediti”ni olsa bo‘ladi.

·         Iqtidorli talabalar uchun imtiyozlar. Kirish imtihonlarida eng yuqori natija ko‘rsatgan 10 nafar talabalar bepul o‘qish huquqiga ega bo‘lishadi. Shuningdek, o‘quv semestri yakunlari bo‘yicha eng yuqori natija ko‘rsatgan yana 10 nafar talabalar keyingi semestrda bepul o‘qish yoki semestr uchun to‘lovning yarmidan ozod qilish huquqini qo‘lga kiritishadi. Hozirgi kunda esa universitetda 115 nafar talaba tahsil olmoqda.

2015/2016 o‘quv yilidagi qabul rejasi

Rejaga asosan 120 nafar kompyuter injiniringi, hamda 130 nafar dasturiy injiniring yo‘nalishlarida, jami 250 nafar iqtidorli o‘g‘il-qizlarni o‘qishga qabul qilish mo‘ljallangan. Ingliz tilida yozma tarzda o‘tkaziladigan matematika va fizika fanlaridan qabul imtihonlari joriy yil 26 iyul kuniga rejalashtirilgan. Mazkur imtihonlarda ishtirok etish uchun 17 iyulgacha on-layn ravishda www.inha.uz saytida ro‘yxatdan o‘tish kerak. Imtihonlar faqatgina koreyalik mutaxassislar tomonidan olinadi.  Haftaning har seshanba kuni (11:00 - 12:00) va har juma kuni(15:00 - 16:00)  universitet binosining birinchi qavatida ilm dargohida o‘qish niyati bo‘lgan barcha tashrif buyuruvchilar uchun Universitet to‘g‘risida batafsil ma'lumotlar berilmoqda. Barcha bo‘lajak talabalar va ularning ota-onalarini kutib qolamiz!  

 

Top