22:41 / 02.07.2015
4470

Xakerlar Garvard universitetiga hujum qilishdi

Garvard universiteti ma'muriyati hamda san'at va fanlar fakulteti xakerlar tomonidan hujumga uchradi. IT-mutaxassislar hujumning oqibatlarini bartaraf etgunlaricha va uning zararini hisoblagunlarigacha talabalar va o‘qituvchilar bu vaziyatdan bexabar bo‘ldilar. Universitetda olib borilayotgan tadqiqotlar natijalari, foydalanuvchilarning shaxsiy va moliyaviy ma'lumotlari zarar ko‘rmadi. Bu haqda Tech Crunch xabar berdi.

IT-mutaxassislar Garvardning san'at va fanlar fakulteti, ma'muriyati va yana 8 ta o‘quv muassasasidagi tizimlarga buzib kirilgani izlarini aniqlashdi. Hujumdan ziyon ko‘rgan muassasalar xodimlari va o‘quvchilaridan o‘zlarining parollarini o‘zgartirishlari va barcha qurilmalar: kompyuterlar va mobil gadjyetlarda Garvard tarmog‘idagi o‘z akkauntlariga kirishni yangilashlari so‘raldi. Universitet foydalanuvchilarga 19 iyunda sodir etilgan bu kiberhujum haqida faqatgina 1 iyulda ma'lum qildi.

Universitet ma'muriyati bunday kechikishni xavfsizlik nuqtai nazaridan amalga oshirilgani bilan tushuntirdi. IT-mutaxassislar “o‘zlarining harakatlari tizimni himoyalash va hujum oqibatida yetkazilgan zararni kamaytirish bo‘yicha amalga oshirilgan choralarni xavf ostiga qo‘ymasligiga” ishonch hosil qilishgandan keyin bu voqea haqida foydalanuvchilarga aytishga qaror qilishgan. Foydalanuvchilarning tarmoqdagi harakatlari vaziyatni murakkablashtirishi mumkin edi, deb qo‘shimcha qildi universitet ma'muriyati.

Top