11:43 / 03.07.2015
5213

AQShda Obama va Putin uchrashuvini o‘tkazish rejalashtirilmayapti

AQSh Davlat kotibi yordamchisi Viktoriya Nulandning ma'lum qilishicha, rasmiy Vashington hozircha mamlakat prezidenti Barak Obama va Rossiya rahbari Vladimir Putinning uchrashuvini tashkil etishni rejalashtirmagan.

"Biz hozircha bunday uchrashuv tashkil qilish bo‘yicha reja tuzmaganmiz. Hammasini vaqt ko‘rsatadi", deydi Nuland "Exo Moskvy" radiostansiyasi efirida shu xususda berilgan savolga javoban.

Mart oyida Rossiya prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov Vladimir Putin sentabr oyida Nyu-York shahrida o‘tkaziladigan BMT Bosh assambleyasining navbatdagi yig‘ilishi vaqtida Barak Obama bilan alohida uchrashishi mumkinligi haqida ma'lum qilgandi.

"Ular (Obama va Putin) telefon orqali gaplashib turishadi. O‘ylashimcha, ular qanday tarzda muzokaralar o‘tkazishni o‘zlari yaxshi bilishadi", deb qo‘shimcha qilgan Viktoriya Nuland.

Top