18:39 / 03.07.2015
2289

Facebook videoda reklama joylashtirishni boshlaydi

Joriy yilning kuzidan Facebook ijtimoiy tarmog‘i video ishlab chiqaruvchi yirik kompaniyalar, misol uchun, NBA, Fox Sports va Funny or Die kabilarning roliklarida reklama joylashtirishni rejalashtirmoqda.

Buning uchun ijtimoiy tarmoqning tasmasiga Suggested Videos (“Taklif qilinadigan videolar”) bloki qo‘shiladi. Ushbu blok foydalanuvchi o‘z tasmasidagi videoga “layk” tugmasini bosganda yoki ko‘rayotganda paydo bo‘ladi. Taklif qilinadigan blokda reklama roliklari joylashtiriladi. Bundan tashqari, ijtimoiy tarmoq yangiliklar tasmasiga avtomatik ishga tushuvchi videoreklamani ham joylashtiradi.

Kontent ishlab chiqaruvchilari reklamadan tushgan foydadan bir qismini olishadi. Reklamadan tushgan daromad shu tarzda (YouTube`dagi kabi) taqsimlanadi: 55 foiz – video muallifiga, 45 foiz – platformaga. Facebook reklamadan tushgan foydani mualliflar orasida ham taqsimlab beradi. Masalan, agar reklama uchta muallifning videosida joylashtirilgan bo‘lsa, unda ular orasidagi foyda har bir muallifning videosi necha marta tomosha qilingani va unga qancha vaqt ajratilganiga mos ravishda taqsimlanadi.

Facebook ijtimoiy tarmoqdagi video xizmatni 1,5 yildan beri rivojlantirib kelmoqda. Bu vaqt mobaynida ijtimoiy tarmoq taqdim qilish algoritmida bir qancha o‘zgartirishlar amalga oshirdi (misol uchun, Facebook dagi video foydalanuvchilar tasmalarida ko‘proq paydo bo‘ladi) va boshqa saytlardagi video uchun ko‘rinishni o‘zgartirdi.

Top