17:54 / 03.07.2015
3204

Pop tumanida qishloq o‘g‘risi qo‘lga tushdi

Namangan viloyati Pop tumanidagi chetki qishloqlardan birida shu qishloqning o‘zidan chiqqan o‘g‘ri qo‘lga tushdi.

Tog‘ yonbag‘rida joylashgan ushbu qishloqda sira o‘g‘irlik sodir bo‘lmagan edi. Biroq barcha yaxshi udumlar ham qachondir tugash xususiyatiga ega. Bu vaziyatda 19 yoshli To‘lqin Xolmatov (ism-familiyasi o‘zgartirilgan) ushbu an'analarga g‘ilof ish tutdi.

“O‘z qo‘shnisi Shavkat akaning uyida hech kim yo‘qligidan foydalanib, ayblanuvchi qo‘shnisining uyiga bog‘ tomondan o‘g‘rilikka tushib, “Siemens” noutbukini o‘g‘irlab, voqea joyidan g‘oyib bo‘lgan”, deb aytmoqda Pop tumani Ichki ishlar boshqarmasi tergov bo‘limi tergovchisi, militsiya leytenanti Tigran Tojiboyev.

Ertasi kuni o‘g‘ri qo‘lga kiritgan o‘ljasini uyali telefonga almashtirmoqchi bo‘lib, uni bir tanishiga taklif qilgan. Tanishi noutbukni bir kunga olib, nimadir ishkal borligini sezib, uni qaytarib bergan. Yana bir xaridor ham shubhalanib, muammodan nariroq bo‘lish uchun noutbukni olmagan. Shundan keyin To‘lqin o‘ljani qurib bitkazilmagan uyga yashirib qo‘ygan.

Biroq noutbuk egasi militsiyaga murojaat qilgan va tez orada jinoyatchining uyiga militsiya xodimlari tashrif buyurishgan. Noutbuk guvohlar ko‘z o‘ngida berkitilgan joyidan olingan.

800 ming so‘mga baholangan ishlatilgan kompyuter To‘lqin Xolmatovga qimmatga tushdi – unga O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 169-moddasi 2-qismi (“O‘g‘rilik”) bo‘yicha ayblov qo‘yildi.

Top