21:37 / 04.07.2015
4814

Samsung “puch dasturlar” uchun sudlanmoqda

Xitoy iste'molchilar ittifoqi Samsung kompaniyasi ustidan “puch dasturlar” bo‘yicha sudga da'vo bilan murojaat qildi. Kompaniya o‘zining smartfonlariga oldindan foydalanuvchilar uchun kerak bo‘lmagan ko‘plab dasturlarni o‘rnatishi va bu dasturlarni o‘chirib bo‘lmaslikda ayblanmoqda.

Xitoy iste'molchilar ittifoqi Samsung dan tashqari Xitoyning Oppo brendini ham ushbu holat bo‘yicha sudga tortmoqda.

Iste'molchilar 20 ta turli qurilmani tahlil qilib, Samsung Galaxy Note 3 va Oppo Find 7a mobil qurilmalari kerakmas dasturlarga egalik bo‘yicha eng katta ko‘rsatkichga, ya'ni mos ravishda 44 ta va 71 ta kerakmas dasturga ega, degan xulosaga kelganlar.

Tadqiqotchilar “puch dasturlar” nafaqat Xitoy uchun muammo ekanligini ta'kidlamoqdalar. Android operatsion tizimi ostida ishlovchi qurilmalarni ishlab chiqaruvchi deyarli barcha kompaniyalar o‘z smartfonlariga foydalanuvchilar uchun kerak bo‘lmagan dasturlar o‘rnatadilar. Bu dasturlar smartfonda xotirani egallaydi va ba'zi hollarda o‘z holicha internetdan foydalanadilar.
Xitoylik smartfon ishlab chiqaruvchilar o‘zlarining qurilmalariga Android ning standart dasturlari paketi va Google Play do‘konini o‘rnatganlik uchun Google ga pul to‘lashni istamasliklari sababli boshqa dasturlardan foydalanishga majbur bo‘lmoqdalar.

Top